Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari yanvar oyida Jizzaxda 6 qavatli bino qulab tushganidan so‘ng lavozimdan ozod etilib, sobiq to‘lashdan bo‘yin tovlash, vakolatni suiste’mol qilish, daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topildi.

Unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish va BHMning 500 baravari miqdorida (111,5 mln so‘m) jarima jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Hukm 29 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha sudya S.Ashirmatov raisligida bo‘lib o‘tgan Toshkent viloyati sudi majlisida e’lon qilindi.

Jinoyat ishi bo‘yicha jami 27 kishi, jumladan, Akram Rahmonqulovning to‘rt nafar ukasi — Akbar, Alisher, Abror va Adham Rahmonqulov, qolaversa, uning o‘g‘li Sh. Baxriddinov ham javobgarlikka tortilgan.

Ishning boshqa ishtirokchilari jarimaga tortildi, 13 kishi esa ikki-uch yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.

Akram Rahmonqulov Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan edi.

Sudlanuvchilar:

Akram Rahmonqulov (1968 yilda tug‘ilgan, Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan);

Akbar Rahmonqulov (1972 y.t., «J-Quruvchi» MCHJ direktori);

Alisher Rahmonqulov (1982 y.t., «Ravon Yo`l Invest» MCHJ, «Sogdiana pipeplast» MCHJ va «Jizzax savdo lyuks» MCHJlar direktori);

G‘. Rahmatov (1963 y.t., Jizzax viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan);

B. Meliyev (1963 y.t., Jizzax viloyati Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi direktori lavozimida ishlagan);

J. Hamrayev (1976 y.t., «Qurilish ta’minoti» xususiy korxonasi direktori bo‘lib ishlagan);

Sh. Baxriddinov (1990 y.t., «Kamol» XK, «Zenatkor fabrikasi mebellari» MCHJlar rahbari, «Qurilish ta’minoti» XK ta’sischisi va norasmiy rahbari);

I. Toshpo‘latov (1982 y.t., «Abduvohid qurilish ta’mir» MCHJ ta’sischisi va direktori);

Sh. Azimov (1977 y.t., Jizzax viloyati hokimligi Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan);

A. Meliboyev (1993 y.t., «ARMO STROY» MCHJ rahbari);

Q. Muqumov (1974 y.t., «Toza suv inshoot» MCHJ direktori);

M. Sultanov (1972 y.t., Jizzax viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi direktori lavozimida ishlagan);

A. Mahmudov (1964 y.t., Jizzax viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bo‘limi bosh mutaxassisi);

Ya. Buronov (1962 y.t., «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» DUK Jizzax viloyati filiali sobiq direktori);

G‘. Sheraliyev (1975 y.t., Jizzax viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi yetakchi mutaxassisi bo‘lib ishlagan);

A. Husniddinov (1987 y.t., Jizzax viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi yetakchi mutaxassisi);

Sh. Kazakov (1963 y.t., Jizzax viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bo‘limi yetakchi mutaxassisi);

M. Muhiddinov (1986 y.t., «Kamol» KTQK va «Zenatkor Sayhan Kon Sanoat» MCHJlar bosh hisobchisi);

T. Mansurov (1978 y.t., «Zenatkor temir beton buyumlari» MCHJ bosh hisobchisi);

M. Mansurov (1978 y.t., «J-Quruvchi» MCHJ, «Sogdiana pipeplast» MCHJ, «Armo stroy» MCHJ va «Jizzax savdo lyuks» MCHJlar bosh hisobchisi);

O. Jo‘raboyev (1980 y.t., «Jizzax Bunyodkor Loyiha» MCHJ direktori);

N. Adilov (1981 y.t., Jizzax viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bo‘limi bosh mutaxassisi);

A. Rajabov (1986 y.t., Jizzax viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bo‘limi bosh mutaxassisi);

Abror Rahmonqulov (1980 y.t., «Zenatkor Sayhan Kon Sanoat» MCHJ direktori);

Adham Rahmonqulov (1978 y.t., «Zenatkor temir beton buyumlari» MCHJ direktori);

Z. Xayrullayev (1984 y.t., Jizzax viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bosh muhandisi);

O. Qulmatov (1974 y.t., Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Jizzax viloyat xududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari).