Varshavada (Polsha) bo‘lib o‘tayotgan shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha FIDE jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov jahon chempioni bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabar bermoqda.

17 yoshli o‘zbekistonlik (Jahon FIDE reytingida — 2633 ochko) rapid yo‘nalishida kechgan bahslarda jahon reytingining kuchli shaxmatchilari — Levon Aronyan (2772) va Fabiano Kuruanani mag‘lub etdi. Shuningdek, Radoslav Voytashek va Boris Gelfandni ham ortda qoldirdi.

10-turda jahon chempioni norvegiyalik Magnus Karlsenni mag‘lub etdi. Rossiyalik Vladimir Fedoseyev (11-tur) va hindistonlik Gukesh Dommarajuga (12-tur) qarshi kechgan o‘yinlarda esa durang qayd etdi.

Jahon chempionatining so‘nggi hal qiluvchi 13-turida Nodirbekka yana bir kuchli shaxmatchi, polshalik Yan-Kshishtof Duda raqiblik qildi. Mazkur o‘yin ham durang hisob bilan yakunlandi.

13-turdan keyin Nodirbek Abdusattarov, Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy va Fabiano Karuanalar birdek 9,5 ochkoga ega bo‘ldi. Qoidalarga ko‘ra, endi 4 nafar peshqadamning yakuniy natijasi tay-brekda aniqlanishi kerak edi.

Tay-brekda Nodirbekka Yan Nepomnyashiy raqib bo‘ldi. Ahamiyatlisi, bu bahsda ham birinchi partiya durang bilan tugadi. 2-bo‘limda esa Nodirbek Abdusattarov g‘alaba qozonib, rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi.