29-dekabr kuni ertalab Namangan va Andijon aeroportlarida ko‘rish imkoniyati yomonligi sababli samolyotlar uchish va qo‘nishni amalga oshira olmadi, deb xabar berdi «Uzbekistan Airports» matbuot xizmati.

Kuchli tuman tufayli — ko‘rish masofasi 50 metr atrofida bo‘lgan — «Ural» aviakompaniyasining Qozondan parvoz qilayotgan SVR2161 reysi soat 8:48 da Namanganga qo‘na olmadi va Toshkentdagi zaxira aerodromiga yo‘naltirildi.

Yana bir HY9620 reysi ham ob-havo sharoiti noqulayligi tufayli Namanganga qo‘nishni amalga oshira olmadi va Farg‘onadagi zaxira aerodromga jo‘natildi.

Shu kabi holat Andijon ayeroportida ham kuzatilgan. «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining Moskvadan uchgan HY-622/621 reysi soat 10:45 da belgilangan aeroportga qo‘na olmay, Farg‘onadagi zaxira aerodromga yuborilgan.

Meteorologiya xizmati prognoziga ko‘ra, ushbu aeroportlar ob-havo sharoiti tufayli taxminan soat 14:00gacha yopiq bo‘ladi. Rejalashtirilgan barcha reyslar eng yaqin zaxira aerodromlarga yo‘naltiriladi.