O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) qurish loyihasi ikki davlat ekspertlari darajasida qizg‘in muhokama qilinmoqda, deya ma’lum qildi dushanba kuni Rossiyaning mamlakatdagi elchisi Oleg Malginov.

Eslatib o‘tamiz, AES qurish bo‘yicha shartnoma 2019 yil oxirigacha imzolanishi, 2020 yil boshidan ustuvor uchastka sifatida tanlangan Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li qirg‘og‘ida ishlar boshlanishi rejalashtirilgan edi. Biroq hujjatlar imzolangani haqida xabarlar haligacha kelib tushgani yo‘q.

Rossiya elchisi loyihani amalga oshirishda «texnik masalalar bo‘yicha muayyan qiyinchiliklar» borligini ta’kidladi.

«Bu yerda ko‘plab texnik savollar tug‘ildi. Avvaliga reaktor uchun faqat bitta reja bor edi, ammo boshqa olimlarning fikricha, bu yerda suv bilan bog‘liq vaziyat har doim ham shunday emas, balki boshqa turdagi reaktor o‘rnatilishi kerakdir», — dedi Oleg Malginov. «Bu ham hal qilinmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

Bundan tashqari, diplomatning so‘zlariga ko‘ra, AESlar qurilayotgan boshqa mamlakatlarda Rossiyaning bunday yirik loyihalarni amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ta’sirlar mavjud. «Ular bu yerda ham buni qilishga harakat qilmoqda», — dedi Rossiya elchisi.

«Eng asosiysi, bu loyiha O‘zbekistonni qanoatlantirishi, O‘zbekistonning keng jamoatchiligi tomonidan to‘g‘ri qabul qilinishidir. Biz bu jarayon barcha davlatlar manfaatlariga mos ravishda konstruktiv hal qilinadi, degan taxmindan kelib chiqamiz», — dedi diplomat.

«Biz bilamiz, O‘zbekistonda AES qurilishidan xavotirda bo‘lgan va qarshi chiqayotgan qo‘shni davlatlar bor, lekin ularning o‘zlari allaqachon uchta stansiyaga buyurtma bergan. Agar ular tezroq qurishni boshlasa va uni tamomlasa, aynan ular mintaqada elektr energiyasini savdo qiladilar. Raqobat bor, shuning uchun eng muhimi kechikmaslik. Albatta, hamma narsani hisoblash kerak, lekin kechikish ham kerak emas. O‘ylaymanki, ikki davlat siyosatchilari buni tushunishadi», — dedi Oleg Malginov.

Avvalroq O‘zbekiston mamlakat ichida va qo‘shni davlatlarda, xususan, Qozog‘istonda AES qurilishining atrof-muhitga ta’sirini xalqaro standartlar va MAGATE talablariga muvofiq baholash bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish niyatida ekani xabar qilingandi.