27 dekabr kuni Seul shahrida O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ehtiyojlari uchun sakkiz dona maxsus yong‘inga qarshi avtomobil va tibbiy jihozlar, shuningdek, himoya vositalari va jihozlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Marosimda O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi, Koreya Respublikasi Milliy yong‘in xavfsizligi xizmati, Koreya-O‘zbekiston biznes uyushmasi va Koreya yong‘in xavfsizligi assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Uskunalarni 2022 yil boshida O‘zbekistonga yetkazib berish rejalashtirilgan. Shuningdek, Janubiy Koreya tomoni O‘zbekiston hududida ham, Janubiy Koreyada ham ushbu uskunalardan foydalanish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Tadbir davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasida yong‘in xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda ijobiy dinamikani qayd etdilar. Xususan, O‘zbekiston FVV Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar ilmiy-tadqiqot instituti bilan Koreya yong‘in xavfsizligi instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, muntazam tajriba almashish maqsadida idoralararo hamkorlikning bevosita aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda Janubiy Koreya tomoni bilan Toshkent viloyatida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘quv majmuasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish masalasi ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, jumladan, O‘zbekiston FVV mutaxassislarini Janubiy Koreyadagi yong‘inga qarshi tayyorgarlik bo‘yicha ta’lim muassasalarida tayyorlash sohasida hamkorlikni faollashtirish rejalashtirilgan.