Noyabrda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 22,5 mingta shartnoma tuzildi, bu sentabr oyiga nisbatan 4 foizga (21,6 ming) ko‘pdir. Mazkur ko‘rsatkichning 2020 yil (14,4 foiz) va 2019 yil (40,6 foiz) noyabr oylariga nisbatan keskin o‘sishi uy-joy bozorida talabning hali ham juda balandligidan dalolat beradi, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) sharhida.


Rasmiylashtirilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni. Manba: ITIM.

Eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (22,9 foiz), Namangan (17,3 foiz), Xorazm (14,3 foiz) viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa, Andijon (14,1 foiz), Samarqand (6,6 foiz) va Toshkent (3,7 foiz) viloyatlarida kamayish kuzatildi.

Noyabr oyida oktabr oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,2 foizga o‘sdi. Narxlarda eng katta o‘sish Toshkent (3,2 foiz), Samarqand (3,1 foiz) va Xorazm (3,0 foiz) viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa, Navoiy (-1,4 foiz) viloyatida uy-joy narxlari pasaygan.

Shaharlar kesimida uy-joy narxlarining eng baland qiymati Toshkent (1 kv metr uchun 753 doll.), Samarqand (553 doll.) va Navoiy (418 doll.) shaharlarida, nisbatan pastroq narxlar esa Nukus (277 doll.), Qarshi (289 doll.) va Guliston (289 doll.) shaharlarida qayd etildi.

Toshkent shahrida o‘tgan oyga nisbatan ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,3 foizga o‘sdi. Uy-joy narxlarida eng katta o‘sish Mirzo Ulug‘bek (3,5 foiz) va Mirobod (3,2 foiz) tumanlarida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan pastroq o‘sish surati Uchtepa (0,1 foiz), Bektemir (0,7 foiz) va Yashnobod (-0,6 foiz) tumanlarida kayd etildi.

Toshkent shahri va viloyatlar markazlari kesimidagi o‘rtacha uy-joy narxlari asosida ikkilamchi bozorda uy-joy xarid qilish uchun ipoteka krediti olishga (subsidiyasiz) layoqatli aholi ulushi hisoblab chiqildi.

Uy-joy xarid qilishda ipoteka krediti olishga layoqatli aholi ulushini hisoblashda 62 kv.m maydonli uyni xarid qilishda oila daromadining ipoteka kreditiga yo‘naltiradigan qismi 50 foizgacha, kredit muddati 20 yil va boshlang‘ich to‘lov badali 30 foiz deb hisoblangan.

Samarqanda (13 foiz), Namangan (19 foiz) viloyatlari va Toshkent (15 foiz) shahrida uy-joy narxlarining balandligi tufayli ipoteka asosida uy-joy sotib olishga imkoniyati bor xonadonlar ulushi past.

Joriy narxlarni hisobga olganda Farg‘ona (35 foiz), Qoraqalpog‘iston (33 foiz) va Navoiyda (32,9 foiz) ipoteka shartalari asosida uy-joy xarid qilish imkoniyati boshqa hududlarga nisbatan yuqori.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, respublika bo‘yicha ipoteka krediti asosida uy-joy xarid qilishga layoqatli aholi ulushi 26 foizni tashkil etmoqda.

Umuman olganda, 2021 yil yanvar-noyabr oylarida jismoniy shaxslarga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 8 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda, yangi tartib asosida ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan resurslar hamji 3 barobarga oshib, 3,9 trln so‘mga yetdi (2020 yilda 1,3 trln so‘m).