2020 yilning fevral oyida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi 81 tup daraxt kesilgani uchun quruvchidan undirilgan qariyb 2 mlrd so‘m O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hisob raqamiga o‘tkazib berildi. Bu haqda poytaxt Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy mahallasidagi ko‘p qavatli uylar oralig‘ida 81 tup daraxtlar noqonuniy kesilganligi yuzasidan xuquqbuzar BULDING AND SUPLIES MCHJ tomonidan yetkazilgan moddiy zarar jami 1 891 263 000 so‘m mablag‘ ayni damda ushbu mablag‘ O‘zbekiston Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hisob raqamiga o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, Building And Supplies kompaniyasi poytaxtning sobiq hokimi Rahmonbek Usmonovning qarori doirasida Yunus Rajabiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar orasida 0,5 gektar maydonda ko‘p qavatli turar joy qurishni rejalashtirgan edi. Buning uchun quruvchi daraxt kesishga moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan, 81 tup daraxtni kesib tashlagani jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgandi.

Shundan so‘ng poytaxt prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlarga nisbatan 1 mlrd 891,3 mln so‘m miqdorida jarima tayinlandi. Tuman IIO FMB boshlig‘i va prokurorga hayfsan berildi.

Biroq oradan bir yarim yildan ziyodroq vaqt o‘tsa ham, undirilgan mablag‘lar Ekologiya qo‘mitasi hisobiga o‘tkazib berilmadi. Mazkur masalaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev e’tibor qaratdi. U Toshkent shahar prokuraturasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga jinoyat ishi natijalariga aniqlik kiritish maqsadida rasmiy so‘rovlar yuborgani, unga javoban Ekologiya davlat qo‘mitasi Toshkent prokuraturasidan mablag‘lar tushmagani, ular haligacha departament depozit hisob raqamida ekanligini ma’lum qildi. Qo‘mita ushbu ma’lumotni «Gazeta.uz»ga ham tasdiqlagandi.

Keyinroq Bosh prokuratura Toshkentda kesib tashlangan daraxtlar uchun to‘langan 1,8 mlrd so‘m miqdoridagi jarima puli Ekologiya qo‘mitasiga o‘tkazib berilmayotgani bo‘yicha izoh berib, bunga dastlabki tergov to‘xtatib qo‘yilganini sabab qilib ko‘rsatdi. Ayni damda tergov jarayoni qayta tiklangan.