Urganch shahridagi «Perinatal markazini qayta ta’mirlash» obyektini foydalanishga qabul qilish komissiyasi raisi o‘zgartirildi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimining tegishli farmoyishida o‘z aksini topgan.

Bunga sabab ushbu obyektni foydalanishga qabul qilish komissiyasi raisi B.Qurbanov (viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Qurbanov Baxrom Sharipovich) bilan bosh pudratchi tashkilot rahbari o‘rtasida affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjud bo‘lgani keltirilgan.

obyektni foydalanishga qabul qilish hududiy davlat komissiyasi raisi etib — Urganch shahri hokimi Xolboyev Oybek Madaminovich belgilangan.

2020 yilning dekabrida Qurbanov Baxrom Sharipovich raisligida 20 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan Xorazm viloyati Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender savdo komissiyasi majlisi o‘tkazilgan va unda «Bunyodkor» MCHJni g‘olib sifatida tanlab olingan.

Mazkur korxona ulushlari, yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, to‘lig‘icha Kurbanov Ulugbek Sharipovichga taalluqli.

Foto: «davletovuz» Telegram-kanali

Davletovuz Telegram-kanali yozishicha, u viloyat hokimi o‘rinbosari, tender komissiyasi raisi Baxrom Qurbanovning yaqin qarindoshi — ukasi hisoblanadi.

Qolaversa, mazkur kompaniya 7 mlrd so‘mlik Urganch shahar Ashxobod MFYdagi ichimlik suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tenderda ham g‘olib bo‘lgandi. Tender natijalari 2020 yil sentabr oyida e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m,172 ta do‘kon, ko‘p qavatli uylardagi 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina va boshqa ko‘chmas mulklar zararni undirish uchun xatlanganini ma’lum qilgandi. Sobiq hokim o‘rinbosari va yana 10 kishi hibsga olingan.