Xo‘jaobod tumanida «Ipak yo‘li» bankining Andijon filialidan qarzdor bo‘lgan MCHJning mol-mulki elektron auksionda sotilmagach, bank hisobiga o‘tkazib berildi.

O‘zA yozishicha, mazkur ish FIB Xo‘jaobod tumanlararo sudida ko‘rib chiqilgan. Sud hukmiga ko‘ra, qarzdor tumandagi MCHJ hisobidan bank foydasiga 1 mlrd 241 mln 965,4 ming so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan.

Bunda undiriladigan mablag‘ qarzdorning ko‘chmas mulklari va bitta avtotransport vositasiga qaratish to‘g‘risida tegishli choralar ko‘rilgan.

Jumladan, qarzdor jamiyat belgilangan muddatda qarzdorlikni ixtiyoriy tarzda qoplamaganligi sababli majburiy ijro harakatlari olib borilgan.

Xususan, qazdorning garovga qo‘yilgan uchta ko‘chmas mulki hamda Hyundai porter rusumli avtotransport vositasi xatlanib, «e-ijro auksion» yagona elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarilgan.

Jamiyatning ko‘chmas mulk va avtotransport vositasi takroriy elektron-onlayn auksion savdolarida sotilmagan.

Shu sababli «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 56-moddasiga ko‘ra, undiruvchi bankka 10 foiz arzonlashtirilgan narxda taklif qilingan.

Bunda 765 mln so‘m miqdordagi mol-mulklar bank balansiga olingani ma’lum qilingan.