O‘zbekiston Milliy bankining operator sifatida faoliyat yurituvchi protsessing markazi negizida «Yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimi yaratilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining 24 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlandi, deya xabar berdi Norma.

Qaror quyidagilarni belgilab berdi:

  • Jismoniy shaxslar o‘rtasida xorijiy davlatlar hududidan O‘zbekistonga transchegaraviy o‘tkazmalar boshqa to‘lov tizimlari bilan bir qatorda jismoniy shaxslarning iltimosiga va ixtiyoriy tanloviga ko‘ra, respublika tijorat banklarining o‘zaro manfaatli stavkalari bo‘yicha hamda «Yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimi orqali amalga oshiriladi;
  • O‘zbekiston Milliy banki «Yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimi orqali amalga oshiriladigan transchegaraviy o‘tkazmalar bo‘yicha hisob-kitob banki funksiyasini amalga oshiradi;
  • «Azia-Invest Bank» (Moskva) «Yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimi orqali transchegaraviy o‘tkazmalar bo‘yicha Rossiyadagi hisob-kitob banklaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston tijorat banklariga xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha bank xizmatlarini ko‘rsatishda boshqa to‘lov tizimlari qatorida «Yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimidan ham foydalanish tavsiya etiladi.