20 dekabr kuni Buxoro viloyatida Milliy gvardiya xodimini xizmat vaqtida mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi, deb xabar berdi O‘zA.

Ma’lum bo‘lishicha, Milliy Gvardiyaning Buxoro viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi safdor xodimlari H.A. va N.O. 20 dekabr kuni soat 05:15 larda o‘zlariga biriktirilgan Gazli Neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Qumli GTK mobil» yo‘nalishining 34−42 kmdagi yo‘nalishni qo‘riqlashga yuborilgan.

Ular davlat raqami 80 209 PSP bo‘lgan «Niva» xizmat avtomobilida qo‘riqlanadigan hududga boradi va mashinadan tushib, yo‘nalish quvurining ta’qiqlangan qismidan harakatlanib kelayotgan «UAZ» rusumli mashina haydovchisiga to‘xtash ishorasini berishadi.

Biroq, fuqaro A.A. xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatlanishni davom ettirgan. Shundan so‘ng, Milliy gvardiya xodimi bo‘lgan H.A.ni avtomashinaning old qismi bilan qasddan urib yuborgan. Og‘ir tan jarohati olgan safdor voqea joyida vafot etgan. Haydovchi esa qochib ketgan.

Surishtiruvlar natijasida gumonlanuvchi «Kuydim» mahallasida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan A.A. ekani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi «G» bandi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gumonlanuvchiga «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.