O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov 2028-yilga qadar dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksportini 1 mlrd dollardan oshirish asosiy maqsad sifatida belgilab olinganini ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, IT-sohasining boshqa sohalar eksportidan juda katta farqi bor. Ya’ni bunday eksportda O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat deyarli 100 foiz bo‘ladi, uni amalga oshirish uchun qo‘shimcha import mahsulot yoki xom ashyo kerak bo‘lmaydi.

“1 ta eksportda ishlaydigan xodim 2000 dollar o‘rtacha oylik olsa, bir yilda uning maoshining o‘zi 24 ming dollar eksport daromadini olib keladi, shunday xodimlarning soni 40 mingdan ortsa, ularning oyligini o‘zidan deyarli 1 mlrd dollar eksport daromadi yurtimizga kirib keladi. Bu hali dasturiy mahsulotlar yoki startaplarni inobatga olmaganda”, — deb yozdi Sherzod Shermatov.

Uning fikricha, yoshlar o‘z oilasi davrasida yashab, yaxshi daromad olib ishlash niyatida bo‘lsa, ular chet tili va axborot texnologiyalarini o‘rganishlariga juda qattiq e’tibor qaratishlari kerak. “BPO (Business process outsourcing — Biznes jarayonlarni autsorsingga berish — tahr.) uchun esa dasturlash ham kerakmas, faqat chet tilida yaxshi muomala qilishni bilsa bo‘ldi”, — deya ta’kidladi u.

AKT vazirining qayd etishicha, 4,5 yil avval dasturchilar uchun prezident farmoni bilan alohida soliq muhiti yaratilganidan keyin dasturlash xizmatlari 50 barobardan ortiq oshgani faqat boshlang‘ich qadam bo‘ldi. “Chunki dasturchilar va BPO bo‘yicha xizmatlar eksportida shug‘ullanayotgan yoshlarimizning yuqori daromad topayotganlari boshqa yoshlarimizni ham chet tillari va axborot texnologiyalarini o‘rganishga undamoqda”, — dedi u.