23 dekabr kuni e-notarius.uz portali orqali ilk bor to‘liq onlayn rejimda notarial harakat amalga oshirildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

«Fuqaro U. V. notarial idoraga kelmasdan turib, voyaga yetmagan farzandini chet elga chiqishga rozilik berish arizasini videokonferensaloqa yordamida rasmiylashtirdi», — deyiladi xabarda.

Mazkur xizmat test rejimida ishga tushirildi va keyingi yilning boshidan to‘liq tatbiq etiladi. Uning yordamida ayrim notarial harakatlar uydan yoki dunyoning istalgan joyidan turib amalga oshiriladi.

Bunday harakatlar ro‘yxatidan mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishonchnomani tasdiqlash, ijro xatini yozish, arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash (doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yishga rozilik, voyaga yetmagan farzandni chet elga chiqishga rozilik berish bilan bog‘liq ariza va majburiyatnomalar) o‘rin olgan. Shuningdek, to‘lovlarni ham amalga oshirish mumkin.

Onlayn notarial harakatni rasmiylashtirish uchun e-notarius.uz axborot portaliga kirib, respublikadagi istalgan notariusga masofadan turib notarial harakatni rasmiylashtirishni so‘rab murojaat qilinadi. Murojaat qiluvchining shaxsiga oid ma’lumotlar ONE ID — Identifikatsiyalashning yagona tizimi orqali avtomatik ravishda to‘ldiriladi

Ma’lumotlar murojaat qiluvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangandan so‘ng, onlayn notarial harakat uchun to‘lov kvitansiyalari ham avtomatik ravishda shakllantiriladi.

Adliya vazirligi onlayn tarzda amalga oshiriladigan notarial harakatlar ro‘yxati kengayib borishini ma’lum qildi.