«O‘quv qurollari, ensiklopediya va planshetlar». Prezident sovg‘alari hududlarga jo‘natildi

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va ota-ona qarovisiz qolgan 9070 nafar bolaga atalgan prezident sovg‘asi hududlarga yuborildi. Sovg‘a jamlanmasidan shirinliklar, o‘quv qurollari va bolalar ensiklopediyasidan iborat 21 turdagi sovg‘a, qolaversa, bolalar uylarining 980 nafar tarbiyalanuvchisi uchun zamonaviy planshetlar o‘rin olgan.

Shavkat Mirziyoyev to‘rt nafar elchining ishonch yorliqlarini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Latviya, Vengriya, Fransiya va Saudiya Arabistoni Podshohligining yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Qolaversa, uchrashuvda davlat rahbari O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishini aytib o‘tdi.

O‘zbekistonning tashqi qarzi qariyb 38 mlrd dollarga yetdi

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi yil boshiga nisbatan 11 foiz yoki 3,7 mlrd dollarga o‘sib, 1 oktabr holatiga ko‘ra, 37,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda davlat qarzi 22,9 mlrd dollar, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz esa 14,7 mlrd dollarga teng bo‘ldi.

Buxoroda Milliy gvardiya xodimi mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi

Buxoroda fuqaro Milliy gvardiya xodimi xizmat vaqtida avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Safdorni urib ketganlikda gumon qilingan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u qamoqqa olindi.

Sirdaryo viloyati hokimi qorbobo kiyimida ehtiyojmand oilalar xonadoniga tashrif buyurdi

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayev qorbobo kiyimida ehtiyojmand oilalar xonadoniga tashrif buyurib, bir martalik moddiy yordam pullari, prezident tabrigi va bayram sovg‘alarini ulashmoqda. Viloyatda jami 11 816 ta xonadonga moddiy yordam ko‘rsatish belgilangan.

2028 yilgacha IT-mahsulotlar eksportini 1 mlrd dollardan oshiramiz — Sherzod Shermatov

AKT vaziri Sherzod Shermatov 2028 yilgacha dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksportini 1 mlrd dollardan oshirish asosiy maqsad sifatida belgilab olinganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev MDH rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburgga boradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahriga boradi.

1 yanvardan 35 ta davlat oliy ta’lim muassasasi to‘lov-kontrakt miqdorini mustaqil belgilaydi

1 yanvardan 35 ta davlat oliy ta’lim muassasiga moliyaviy mustaqillik beriladi. Endi ushbu muassasalar to‘lov-kontrakt miqdori va muddatini, mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb qilish hamda o‘z hisobidan talabalarga stipendiya va grantlar ajratishni mustaqil belgilaydi. 2023 yildan esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ushbu ro‘yxatni kengaytirish huquqi beriladi.

Andijon viloyatida hokim yordamchilari uniformasi uchun 855 mln so‘m ajratildi

Andijon viloyati hokimining farmoyishi bilan hokim yordamchilarining uniformasi uchun 855 mln so‘m ajratildi. Mablag‘lar viloyat mahalliy budjeti daromadlar rejasining 2021 yil uchinchi chorak yakuni bo‘yicha orttirib bajarilgan qismi hisobidan ajratilgan.

Urganchda qurilish obyektini foydalanishga qabul qilish komissiyasi raisi o‘zgartirildi

Urganch shahridagi «Perinatal markazini qayta ta’mirlash» obyektini foydalanishga qabul qilish komissiyasi raisi almashtirildi. Bunga sabab qilib viloyat hokim o‘rinbosari, komissiyasi raisi B.Qurbanov va bosh pudratchi tashkilot rahbari o‘zaro affillanganligi aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, jamiyat rahbari hokim o‘rinbosarining ukasi hisoblanadi.

Andijonda kreditni so‘ndirmagan korxonaning 765 mln so‘mlik mol-mulki bankka o‘tkazildi

Xo‘jaobod tumanida kredit qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lamagan korxonaning garovga qo‘yilgan uchta ko‘chmas mulki va Hyundai porter avtotransport vositasi xatlanib, 10 foiz arzonlashtirilgan narxda bank balansiga o‘tkazildi.

O‘zbekiston 11 oyda 500 mln dollarga 23 mingdan ziyodroq «inomarka» import qildi

O‘zbekistonga 11 oy davomida qiymati 502,8 mln dollarga teng bo‘lgan 23 mingdan ziyod yengil avtomobil import qilindi. Xususan, xorijdan 13,8 mln dollarga 689 ta elektromobil keltirildi.

O‘zgidromet yil oxirigacha O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kuzatilmasligini ma’lum qildi

O‘zgidromet yil oxirigacha yog‘ingarchilik kutilmasligini ma’lum qildi. Ammo harorat me’yordagidan 5−7 daraja pastroq bo‘ladi.

Ilk bor notarial harakat to‘liq onlayn tarzda amalga oshirildi

O‘zbekistonda ilk bor notarial harakat to‘liq onlayn ravishda amalga oshirildi. Videokonferensaloqa orqali voyaga yetmagan bolani xorijga olib chiqishga rozilik arizasi rasmiylashtirildi.

«Yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimi yaratiladi

Milliy bank protsessing markazi negizida xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun «Yagona transchegaraviy pul o‘tkazmalari» to‘lov tizimi ishlab chiqiladi. U pul o‘tkazmalarini «boshqa to‘lov tizimlari bilan bir qatorda jismoniy shaxslarning iltimosi va ixtiyoriy tanloviga ko‘ra» amalga oshiradi.

2022 yil oxirigacha davlat OTMlarida o‘quv adabiyotlari elektronlashtiriladi

2022 yil yakuni qadar barcha davlat OTMlarining o‘quv adabiyotlari, davomat, guruh jurnali, dars va imtihon jadvallari to‘liq elektronlashtiriladi. Qolaversa, kelgusi yildan ta’lim muassasalari chet el fuqarolari o‘qishini xorijdan ko‘chirish, talabalar formasi va imtihon fanlarini o‘zi tasdiqlaydi.

Pelmalive, Aybon Gold va Strikers: O‘zbekistondagi 200 dan ortiq kontrafakt tovarlar ro‘yxati

Intellektual mulk agentligi 200 dan ortiq kontrafakt tovarlar, jumladan dori-darmon, oziq-ovqat va maishiy kimyo mahsulotlari ro‘yxatini e’lon qildi.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

Xo‘sh, kim javob beradi? «Zakovat» bilimdonlari Xushnudbek Xudoyberdiyev va Aziza Ibragimova bilan suhbat

20 yildan ortiq vaqt davomida aql janglari maydoni bo‘lib kelayotgan «Zakovat» ko‘plab bilimdonlarni xalqqa tanitdi. «Gazeta.uz» «Zakovat» yulduzlari bilan suhbat uyushtirib, ular klubga qanday kirib kelganligi, asosiy raqib sifatida kimni ko‘rishlari, nega o‘yinni tark etmasliklari va yangi avlodni qanday qilib jalb qilish mumkinligi haqidagi fikrlarini o‘rgandi. Materialning uchinchi qismida bilimdonlar Xushnudbek Xudoyberdiyev va Aziza Ibragimova bilan suhbatlarni taqdim etamiz.