25 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha «Uzbekistan GTL» zavodining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev qatnashdi va nutq so‘zladi. Bu haqda «Mikrofon ko‘targan ayol» Telegram-kanali xabar berdi.

«O‘z bag‘rida noyob boyliklarni asrab kelayotgan G‘uzor tumanida suyultirilgan sintetik mahsulotlar ishlab chiqaradigan „GTL“ zavodi ishga tushirilmoqda.
Albatta, bunday ulkan majmuaning qurilishi keyingi yillarda mamlakatimizda sanoat rivojini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirayotgan siyosatimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Sizlarga yaxshi ma’lumki, ana shunday sa’y-harakatlarimiz tufayli yakunlanayotgan 2021 yilning o‘zida mamlakatimizda qator yirik loyihalar amalga oshirildi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Respublikamiz bo‘yicha elektr energiyasi hisobini yuritish va nazorat qilish tizimi ish boshlagani ham ana shunday katta ishlarimiz qatoriga kiradi. Bugun ishga tushirilayotgan zavod o‘zining noyob texnologik ustunliklari va yuqori ishlab chiqarish quvvati bilan ana shu loyihalardan alohida ajralib turadi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda — Qatar (2 ta), Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi, dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu majmua qurilishida bir vaqtning o‘zida 13 mingdan ortiq muhandis va ishchi-quruvchilar qatnashgan. Zavodda Yaponiya, Koreya, Singapur, AQSh, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonalarda ishlab chiqarilgan 10 mingdan ziyod uskunalar o‘rnatilgan.

«Endi sifatli aviakerosinimiz bor. Biz Navoiyda aviaxab tashkil etamiz. Boshqa davlatlar uchun aviaxizmatlar ko‘rsatishimiz mumkin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majmuada yiliga 3,6 mlrd metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 mln tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ushbu mahsulotlar hisobiga yiliga 500 mln dollarlik import o‘rni qoplanib, 200 mln dollarlik eksport va 2 trln so‘mlik soliq tushumlari ta’minlanadi.

«Alohida ta’kidlash kerak, biz 300 mln dollarlik gazni qayta ishlab, uni qiymati 3 barobar yuqori va dunyo bozorida talab katta bo‘lgan tayyor mahsulotlarga aylantiramiz. Buning uchun to‘la asosimiz bor. Chunki bu yerda ishlab chiqarilgan aviakerosin boshqa zavodlar mahsulotiga nisbatan juda toza va sifatli bo‘lib, eng zamonaviy samolyotlarga mo‘ljallangani uchun unga hamisha talab yuqori hisoblanadi. Birinchi kelganimizda GTL zavodi qurilgan bu yerlar — dala edi. Hech vaqo yo‘q edi. 80 foiz yosh farzanlarimiz bunday mega loyihalarni amalga oshirdi. Men ularga ishonaman, bu muhandislar bizning oltin fondimiz bo‘ladi», — deya aytib o‘tdi davlat rahbari.

Energetika vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha GTL loyihasining umumiy qiymati 3,42 mlrd dollarni tashkil etadi. GTL loyihasini moliyalashtirishda Xitoy davlat taraqqiyot banki (CDB), Koreya eksport-import banki (KEXIM), Koreya savdo va sug‘urta korporatsiyasi (K-SURE), «Gazprombank» AJ, «Roseksimbank» AJ, Rossiya eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi EKSAR, Credit Suisse, MUFG, Mizuho, Woori Bank, SMBC kabi xalqaro tashkilotlar ishtirok etgan.

Loyihaning bosh pudratchisi Hyundai Engineering co. ltd, Hyundai Engineering and Construction co., ltd (Janubiy Koreya) va Enter Engineering pte. ltd (Singapur) konsorsiumi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Qashqadaryodagi GTL texnologiyasi asosida sun’iy yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodini avgustda ishga tushirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.