25 dekabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi tomonidan o‘zbek futbolining yil yakuniga bag‘ishlangan «Uz Football Awards-2021» taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Unda yilning eng yaxshi futbolchilari, murabbiylari, shuningdek, futzalchilari nomi aniqlandi. «Gazeta.uz» muxbiri taqdirlash marosimidan reportaj tayyorladi.

«Yilning eng yaxshi futbolchisi» nominatsiyasiga Husain Norchayev, Jaloliddin Masharipov va Eldor Shomurodovlarning nomzodi qo‘yilgan edi.

Eldor Shomurodov va Abdusalom Azizov. Foto: Mushtariy Oqboyeva / «Gazeta.uz».

Jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Roma» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov «Yilning eng yaxshi futbolchisi» deb e’tirof etildi. Sovrinni DXX raisi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov topshirdi.

U jurnalistlar bilan suhbatda bundan keyingi rejalari «Roma» safida qolib, o‘zini ko‘rsatish ekanligini ma’lum qildi. U klub bilan 5 yillik shartnomasi borligini, hozircha boshqa klubga o‘tish niyati yo‘qligini aytdi.

«Roma»da g‘alabalar qanday nishonlanadi, «choyxona"lar bo‘lmaydimi? degan savolga Shomurodov kulib qo‘yib, Rimda choyxonalar bo‘lmasligini, har 3 kunda o‘yin ekani va shu tufayli bunga bo‘sh vaqt yo‘qligini aytdi. «Bu vaqtda biz keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz», — deya ta’kidladi «Roma» hujumchisi.

«Yilning eng yaxshi futzalchisi» soviriniga futzal bo‘yicha Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilayotgan — Davron Choriyev, Husniddin Nishonov va Dilshod Rahmatovlar da’vogarlik qilayotgan edi.

Dilshod Rahmatov. Foto: O‘FA.

Mazkur nominatsiyada sovringa O‘zbekiston futzal terma jamoasi va «Huaxin-Jizzax» klubi futzalchisi Dilshod Rahmatov munosib deb topildi.

U o‘z intervyusida ushbu sovrinni qo‘lga kiritganidan mamnun ekanini aytib, 2022 yildagi Osiyo chempionatiga kuchli tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi. «Eron futzal terma jamoasiga endi yutish oson bo‘lmaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Dildora Nozimova. Foto: O‘FA.

Ayollar orasida «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» esa Dildora Nozimova bo‘ldi. U «Bunyodkor» ayollar jamoasi a’zosi hisoblanadi.

Dildora Nozimova «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida bu sovrin unga Osiyo CHL doirasida Iordaniyaning «Amman» klubi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hal qiluvchi goli uchun berilgan yutuq deb hisoblashini aytdi.

Foto: O‘FA.

«Coca-Cola Superliga-2021 yil futbolchisi» hamda «Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi» Husain Norchayev deb e’tirof etildi.


Diyora Xabibullayeva. Foto: O‘FA.

Ayollar futboli bo‘yicha «Oliy Liganing eng yaxshi futbolchisi» nominatsiyasi sovrin O‘zbekiston terma jamoasi va «Soʻgʻdiyona-W» jamoasi a’zosi, chempionat to‘purari Diyora Xabibullayevaga nasib etdi. U «Soʻgʻdiyona-W» safida 19 uchrashuvda maydonga tushgan va 32 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

Shuningdek, «O‘zbek futboli nuroniysi» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib Axbor Imomxo‘jayev deb topildi. Axbor Imomxo‘jayev 1936 yil 19 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. U «Paxtakor» stadionidan ilk bor o‘zbek tilidagi reportajni jonli efirga olib chiqqan. Axbor Imomxo‘jayevning betobligi sabab mazkur sovrinni uning to‘ng‘ich o‘g‘li Abror Imomxo‘jayev qabul qildi. Ma’lumot o‘rnida, Axbor Imomxo‘jayev Professional futbol Ligasi (PFL) bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayevning bobosi hisoblanadi.

«Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi» sovrini esa Bahodir Ahmedovga nasib etdi. U O‘zbekiston futzal terma jamoasi va «Huaxin-Jizzax» klubining bosh murabbiyi hisoblanadi. Uning murabbiyligida O‘zbekiston futzal terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionatining guruh bosqichidan chiqa olgan.

Bundan tashqari, Ayollar futboli bo‘yicha «Oliy Liganing eng yaxshi murabbiyi» Sherali Boboqulov bo‘ldi. U «So‘g‘diyona-V» jamoasi bilan birgalikda Oliy Liga oltin medali va O‘zbekiston kubogi sohibiga aylangan.

«Pro Liganing eng yaxshi futbolchisi» nominatsiyasida sovrin «Neftchi» klubi a’zosi Marko Obradovichga nasib etdi.

Shuningdek, 2021 yilda Osiyo chempionlar ligasi, Jahon chempionati saralashining eng muhim uchrashuvlari, Saudiya Arabistoni va Kuvayt chempionatlari bahslarida ishlagan hakam — Ilgiz Tantashev «Yil hakami» sovrinini qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, taqdirlash marosimida «Coca-Cola Superliga-2021» bo‘yicha ham munosiblar taqdirlandi. Xususan, «Sosa-Sola Superligasining 2021-mavsumdagi to‘purari» «Paxtakor» klubi a’zosi — Dragan Cheran bo‘ldi. Biroq, u hozir O‘zbekistonda bo‘lmagani tufayli sovrinni klub a’zolari qabul qilishdi.

Shuningdek, «Sosa-Sola Superligasining 2021-mavsumdagi eng yaxshi murabbiyi» sovrini Piter Xyuistraga topshirildi.

«O‘zbekistonning eng yaxshi ayollar murabbiyi» — Ilhom Hanjariyev deb topildi.

«Yilning eng yaxshi murabbiyi» sifatida jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev sovringa munosib deb ko‘rildi.

Bundan tashqari, bir qancha faxriy sovrinlar sohiblari nomi ham ma’lum qilindi:

  • «Futbol rivoji uchun» sovrini — Xayrulla Bozorov;
  • «Fidoyilik ramzi» sovrini — Sadri Nosirov;
  • «Jasorat» sovrini — O‘zbekiston kar-soqovlar terma jamoasi bosh murabbiyi Murodjon Ahmedov;
  • «Eng yaxshi jurnalist» — Faxriddin Ro‘ziyev;
  • «Eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiya» — Qoraqalpog‘iston futbol assotsiatsiyasi;
  • «Muxlislar mehri» sovrini — «Andijon» fan-klubiga nasib etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Odil Ahmedov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti etib saylangani haqida ma’lum qilingandi.

U ham jurnalistlarga bergan intervyusida yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida Eldor Shomurodov hamda Jaloliddin Masharipovni hisoblashini aytib o‘tdi. Shuningdek, endigi yangi faoliyatida o‘z tajribasini yoshlar bilan o‘rtoqlashishini ma’lum qildi.