Buxoro viloyati prokuraturasi viloyat xalq ta’limi boshqarmasining «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga o‘quvchi va o‘qituvchilarni a’zolikka qabul qilish hamda a’zolik badallarini yig‘ish to‘g‘risidagi buyrug‘ini bekor qildi. Hujjat majburiy xarakterga ega bo‘lgan, deya xabar berdi prokuratura matbuot xizmati.

Hujjatda 2021−2022 o‘quv yili uchun jami 1,22 milliard so‘m a’zolik badallari yig‘ish ham ko‘zda tutilgan. Xususan, buyruq ilovasida 169 339 nafar o‘quvchilardan 914,4 mln so‘m va 28 488 nafar pedagog xodimlardan 307,6 mln so‘m a’zolik badallarini yig‘ish reja-grafigi tasdiqlangan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvi doirasida 10 dekabr kuni buyruq bekor qilingan. Boshqarma boshlig‘i qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasman ogohlantirilgan.

«Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, a’zolik badallarini to‘lash ixtiyoriy bo‘lib, har qanday majburiy to‘lov undirilishi qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi», — deyiladi xabarda.