21 dekabr kuni «O‘zbekiston yoshlari forumi — 2021» doirasida respublika bo‘ylab 40 ta eng istiqbolli deya topilgan startap loyihalarning har biriga 50 mln so‘mdan berildi. Bu haqda forum doirasida «Startap tashabbuslari» yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap-loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi 5-davrining Demo day yakuniy tadbirida e’lon qilindi.


Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dasturda ishtirok etish uchun respublikaning barcha hududlaridan 905 ta ariza kelib tushgan, bu avvalgi davrga nisbatan 38 foizga ko‘proq ekani aytildi. Loyihalarda ishtirok etayotgan yoshlarning umumiy soni jamoa a’zolarini hisobga olgan holda 1972 nafarni tashkil topdi, shundan 559 nafari qizlar hisoblanadi. Qabul qilingan arizalarni o‘rganish asosida ekspertlar jamoasi 601 ta loyihani tanlab oldi va bu loyihalar bilan Zoom dasturi yordamida onlayn intervyu o‘tkazildi.

Suhbat natijalariga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatlardan 247 ta jamoa ta’lim dasturida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Unda ishtirokchilar startaplarni ishga tushirish asoslarini o‘rganishgan, malakali ekspertlar, muvaffaqiyatli tadbirkorlar mahorat darslari va maslahatlarida qatnashgan hamda Accelerator.uz platformasi orqali loyihalarini takomillashtirgan.


92 ta jamoa akseleratsiya dasturining final bosqichiga muvaffaqiyatli o‘tdi va o‘z loyihalarini mutaxassislarga onlayn tarzda taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mutaxassislar guruhi «O‘zbekiston yoshlar forumi-2021» doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligining binosida 21 dekabr kungi yakuniy tadbirda respublika bo‘ylab 40 ta eng istiqbolli startap loyihalarini (har bir viloyatdan 2 tadan 5 tagacha) g‘olib bo‘lish uchun tanlab oldi.


G‘oliblarga «Yoshlar-kelajagimiz» jamg‘armasi tomonidan 1 mlrd so‘m, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi tomonidan esa 100 ming dollar miqdorida maqsadli grant mablag‘lari ajratildi. Demo Day ma’ruzachilari, shuningdek, C-Space va Ground Zero kovorking markazlaridan bepul yo‘llanmalar taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 18 — 25 dekabr kunlari «O‘zbekiston yoshlari forumi-2021» bo‘lib o‘tishi haqida ma’lum qilingandi.