Nukus shahrida 24 dekabr tongidan boshlab yog‘ayotgan qor sababli jamoat transportidagi «Damas» mashinalari harakati va tumanlararo avtobus qatnovlari vaqtincha to‘xtatildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi gidrometeorologiya boshqarmasi muxandis-sinoptigi Renat Sultashovning «Gazeta.uz»ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Nukusda qor yog‘ishi bugun kechki soat 21:00gacha va ayrim hududlarda ertaga tushki paytgacha davom etishi ko‘tilmoqda.


Nukus shahridan tashqari, Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Xo‘jayli, Shumonoy, Taxtako‘pir va Taxiyatosh tumanlari da ham qor yog‘gan.

Qoraqalpog‘iston Transport vazirligi matbuot kotibi Zaxida Kaljanovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, qalin qor sababli Nukus shahrida jamoat transportidagi 1400 dan ortiq «Damas» mashinasi harakati to‘xtatilib, ularning o‘rniga «Shimbay Avto Trans «davlat unitar korxonasiga tegishli 40 dan ortiq avtobuslar shahar ichida qatnovga chiqarilgan.

Tumanlararo yo‘lovchi tashuvchi avtobus va mikroavtobuslarda yo‘lovchilarnining xavfsizligini ta’minlash va yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida ularning harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan. «Agar qorlar erib, yo‘llar ochilsa transportlar harakati qayta tiklanadi», — dedi Zaxida Kaljanova.

Renat Sultashovning qo‘shimcha qilishicha, Qoraqalpog‘iston hududida sovuq havo 3−4 kun davom etishi ko‘tilmoqda. Hozirda Nukus shahrida havo harorati -2 darajani tashkil etmoqda.