24 dekabr kuni kunduzi respublika hududining katta qismida iliq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi O‘zgidromet.

Havo harorati +8…+13 daraja iliqni tashkil etadi. Respublikaning shimoliy hududlariga sovuq antitsiklon kirib kelishi boshlanadi, bu hududlarning ba’zi joylarida qor yog‘adi, shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi mumkin, harorat kunduzi −2…+3 darajadan yuqori bo‘lmaydi.

25 dekabr kuni respublikaning barcha hududlariga antitsiklon kirib keladi, Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda qor yog‘adi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanishi mumkin. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Faqat Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayadi. Harorat kechasi 0…+5 darajani, kunduzi +5…+10 darajani, shimolda kechasi −3…−8 darajani, kunduzi 0…-5 darajani tashkil etadi.

Yakshanba kuni mamlakatning barcha hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi, shimolda yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Harorat kechasi va kunduzi −2…+3 darajani, shimolda kechasi −9…−14 darajani, kunduzi 0…-5 darajani tashkil etadi.

Dushunba kuni O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli kam, kechasi harorat −3…−8 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi −2…+3 darajadan yuqori bo‘lmaydi, ushbu kun uchun bo‘lgan ko‘p yillik qiymatlardan 5−7 darajaga kamdir.

Shu kunlarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Juma kuni erta tongdan Qoraqalpog‘istonda qor yog‘ishni boshlagani haqida yozgandik.