Qozog‘istonning Qizilo‘rda va O‘zbekistonning Uchquduq shaharlari o‘rtasida 280 kilometrlik yangi magistral yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda LS nashri Qozog‘iston Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligiga tayanib xabar qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida ikki davlat vakillari Qizilo‘rda-Uchquduq avtomobil va temir yo‘l qurilishi rejasini imzolagan. Magistral yo‘lning umumiy uzunligi 280 km ni tashkil etib, uning 140 kilometri Qozog‘iston hududidan o‘tishi kutilmoqda.

2024−2025 yillarda yo‘lning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, 2025 yildan esa ikki-uch yil ichida yo‘l qurilishini boshlash rejalashtirilgan.

«Avtomobil yo‘li qurilishining smeta qiymati 75 mlrd tenge (173 mlr dollar), jumladan, nazorat-o‘tkazish punkti qurilishi uchun 5 mlrd tengeni tashkil etadi», — deyiladi xabarda.

Mazkur yo‘lning Markaziy Osiyo davlatlarini Qozog‘istonning janubiy, markaziy va shimoliy hududlari orqali Rossiya bilan birlashtirishi kutilmoqda. Yo‘l Qizilo‘rda — Jezqazg‘on — Pavlodar — Rossiya chegarasi xalqaro koridorining bir qismi bo‘ladi.

«Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni Qizilo‘rda — Uchquduq yangi temir yo‘l liniyasini qurish tashabbusi bilan chiqmoqda. Qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi. Texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish uchun iqtisodiy tahlil o‘tkazish qoladi», — deyiladi xabarda.

Bu ikki davlatning rejalaridagi yagona temir yo‘l emas.

Sayyohlik salohiyatini oshirish uchun 2021−2024 yillarda 160 mlrd tengega (taxminan 369 mln dollar) Turkiston-Chimkent-Toshkent tezyurar avtomobil yo‘lini qurish masalasi ham ishlab chiqilmoqda. Ushbu loyiha Markaziy Osiyoning eng yirik tarixiy-madaniy markazlarini birlashtiradi, yo‘lovchi tashish hajmini yiliga 250 km/soat tezlikda 1,9 mln yo‘lovchiga yetkazadi.

Shuningdek, 115 km uzunlikdagi O‘zbekiston temir yo‘l liniyalariga chiqadigan Darbaza — Maqtaral temir yo‘l liniyas qurilishi ham ishlab chiqilmoqda. Davlat rejasida mazkur loyihaga 161,8 mlrd tenge mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Mazkur temir yo‘lning Afg‘oniston, Pokiston, Turkmanistonga tranzit masofasini qisqartirishi, mavjud Sariag‘ash nazorat-o‘tkazish punktidagi yuklamani yengillashtirishi kutilmoqda.