Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida noqonuniy yer sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi.

Samarqanddagi holatda fuqaro G.G‘. (ayol kishi) fuqaro G. ning ishonchiga kirib, «M.T.» fermer xo‘jaligining 10 sotix yer maydonni sotishga kelishib olgan.

Buning evaziga 12 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Surxondaryoda esa «Q.Ch.» fermer xo‘jaligi rahbari A.E. xo‘jalikning paxta va g‘alla yetishtirishga mo‘ljallangan 0,15 gektar yer maydonini va o‘zi vaqtincha foydalanib kelayotgan 0,40 gektar yer maydonini fuqaro R.ga 85 mln so‘mga uy-joy qurib foydalanish uchun sotishga kelishgan.

Shundan, 40 mln so‘mini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Har ikkala holat bo‘yicha ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari ketmoqda.