22 dekabr kuni Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan «Hizb ut-Tahrir» diniy-ekstremistik tashkiloti tarafdorlarining faoliyatiga chek quyildi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Muqaddam «Hizb ut-Tahrir» safida faoliyat olib borganligi uchun uzoq yillar jazo muddatini o‘tab chiqqan «A.A.» (1968 y.t.) jinoiy faoliyatini tiklab 11 nafar sobiq g‘oyadoshlarini o‘zining noqonuniy harakatlariga jalb qilgani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ularning barchasi muqaddam «Hizb ut-Tahrir» tashkilotiga a’zo bo‘lganliklari uchun jazo muddatini o‘tab chiqishgan. «Ular Hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy ko‘makka qaramasdan jinoiy til biriktirib, aholi orasida hamda Internet tarmog‘i orqali ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilish va shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy hatti-xarakatlarni sodir etishgan», — deyiladi xabarda.

Hibsga olingan shaxslarda ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlangan va ular protsessual tartibda rasmiylashtirib olib quyilgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi quzg‘atilib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.