O‘zbekiston xalq artisti, taniqli kompozitor va dirijyor Shermat Yormatov vafot etdi, deb xabar bermoqda Madaniyat vazirligi.

Shermat Yormatov 1939 yil 17 oktabrda Farg‘onada tug‘ilgan. U xor dirijyori, kompozitor, bolalar xori san’atining faol targ‘ibotchisi bo‘lgan.

1997 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan mukofotlangan.

Toshkent davlat konservatoriyasini xor dirijyorligi mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan Yormatov shahardagi 99-o‘rta maktabda musiqa o‘qituvchisi va «Boychechak» xor studiyasining rahbari sifatida ishlagan.

Kompozitor ijodi vokal musiqa (ayniqsa bolalar uchun yaratilgan qo‘shiqlar) bilan esda qolgan: «Salom maktab», «G‘ildiragim», «Ikki qo‘ymang, o‘qituvchi!», «Sumalak», «Oymomojon rom bo‘ldi», «Qizaloq», «Xon atlas», «Bu yurtning yoshlari», «Chitti gul», «Assalom hayot» qo‘shiqlari turli musiqa to‘plamlarida nashr etilgan.

Kompozitor 1994 yilda «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan ham mukofotlangandi.