Chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi Olmaliq shahriga tashrif buyurgani haqida yozgandik.

Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, davlat rahbari shu kuni Olmaliq shahrida faollar bilan ham uchrashgan va Toshkent viloyatidagi kadrlar muammosiga to‘xtalib o‘tgan.

«Men nima uchun hokim yordamchilari degan tizimni joriy qildim, chunki o‘zim uchun yaxshi kadrlar qidirib yuribman. Mana, bugun ham sizlar bilan suhbatda yangi kadrlar kashf qildim», — degan u.

«Misol uchun, Andijon viloyatida 30 yilda hokimlar soni ko‘p bo‘lmagan, — deya so‘zida davom etgan Shavkat Mirziyoyev. — Lekin Toshkent viloyatiga majoziy ma’noda aytganda 30 ta hokim kelib-ketdi. Nega? Chunki ishni eplaydigan yaxshi kadrlar topish qiyin. Biri korrupsiyaga yo‘l ochadi, boshqasi darrov g‘o‘ddayib, oyog‘i yerdan uziladi. Men amalni beraman, lekin arqonni uzun tashlab qo‘yaman»

Davlat rahbari nima sababdan Qashqadaryo viloyati hokimini Toshkent viloyatiga olib kelganiga ham to‘xtalgan.

«Zoyir Mirzayevni bekorga olib kelmadim bu yerga. Qashqadaryo ham og‘ir viloyatlardan biri edi, ammo epladi. Toshkent viloyatida muammolar ko‘pligi uchun uni atayin bu yerga olib keldim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

2016 yil 4 fevralda Sodiq Abdullayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tayinlanib, Ahmadjon Usmonovning o‘rnini egallagandi.

2016 yil 15 авгuстда Islamdjan Ergashxodjayev viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.

2016 yil 15 dekabrda viloyatga Shukurullo Boboyev rahbar bo‘ldi.

2017 yil kuzda G‘ulomjon Ibragimov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 2018 yil 6 yanvarda u viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

2019 yil 4 iyunda G‘ulomjon Ibragimov salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tdi. Rustam Xolmatov zimmasiga Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarish yuklatildi.

2021 yil 30 yanvarda Rustam Xolmatov «aravani torta olmagani» uchun ishdan olindi. Uning o‘rniga poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Prezident Hidoyatovning «harakatchanligi, bilimi va o‘z ustida ishlashini» ta’kidladi va u 19 mart kuni u hokim sifatida tasdiqlandi.

2021 yil 18 noyabrda Davron Hidoyatov lavozimdan ozod etilib, Chirchiq shahri hokimiyati rahbarligiga o‘tkazildi. Uning o‘rnini esa Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev egalladi.