Payshanba kuni soat taxminan 12:15 da Toshkentning «Kosmonavtlar» metro bekatida poyezdning uchinchi vagonida nosozlik sababli tutun chiqdi, deya xabar qildi FVV.

Ta’kidlanishicha, tutun yong‘inga sabab bo‘lmagan. Yo‘lovchilar zudlik bilan stansiyaga olib ketilgan. Voqea joyiga shahar hamda tuman FVB rahbar xodimlari va 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib kelgan. Yo‘lovchilardan hech kim jabrlanmagan.

«Voqea bo‘yicha 2 holat tahmin qilinmoqda. Texnik sabablarga ko‘ra vagondagi saqlagich (predoxranitel) kuygan yoki tormoz kolodkasi siqib qolgan. Ishdan chiqqan vagon ta’mirlash uchun depoga jo‘natildi», — deyiladi vazirlik xabarida.

«Toshkent metropoliteni» matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 34-sonli harakat tarkibida mashinist tomonidan nosozlik aniqlangan. Shu sababli, bekatda yo‘lovchilar vagondan tushirilib, xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

«Kosmonavtlar» metro bekati odatiy rejimda ishlayotgani ma’lum qilindi.