20 dekabr kuni Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayev Xovos tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasini amalga oshirish jarayonida OTBning 7 mln dollardan ortiq mablag‘ talon-toroj qilinganini ta’kidlagandi.

«O‘zsuvta’minot» AJ mazkur xabarni rad etib, o‘zining munosabatini bildirdi.

Qayd etilishicha, 2016 yil 23 avgust kuni «Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tuman markazlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirilgan.

Xalqaro tender komissiyasining bayonnomasiga asosan pudratchi sifatida Turkiyaning «Alke Insaat Sanayi ve Tisaret» kompaniyasi g‘olib deb topilgan.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun jami 7 mln 310 ming AQSh dollari ajratilgan.

«Loyiha xabarda aytilayotganidek Osiyo taraqqiyot banki emas, balki Jahon banki ishtirokida amalga oshirilgan bo‘lib, bunda Jahon banki tomonidan 6 mln 250 ming dollar, O‘zbekiston tomonidan esa 1 mln 060 ming dollar ajratilgan», — deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, «ushbu mablag‘lar talon-taroj qilinmay, pudratchi tomonidan loyihada ko‘zda tutilgan barcha ishlar bajarilgan».

«Xususan, pudratchi tomonidan subpudratchi „Mega-Mebiko“ qo‘shma korxonasi bilan birgalikda „Sirg‘ali“ suv inshootidan Xovos tumanining „Oqchangal“ aholi yashash punktigacha 28 km masofaga diametri 700 mm bo‘lgan shisha tolali quvurlar yotqizilib, qurilish-montaj ishlari 2019 yilning iyun oyida tugatildi», — deyiladi xabarda.

Biroq, bugungi kunda quvurlar suv bosimini ko‘tara olmayotgani tufayli tarmoqda bir qancha sizgichlar paydo bo‘lgani aytilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini bermayapti.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugungi kunda shisha tolali quvurlarni poliyetilen quvurlarga almashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur obyekt «O‘zsuvta’minot» balansida turmayotganligiga qaramasdan, aksiyadorlik jamiyati mazkur hududda istiqomat qiluvchi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib bormoqda.

Qolaversa, jamiyat pudratchi va quruvchi tashkilotlarga quvurlardagi havo chiqarish uskunalarini yangisiga almashtirish ishlarida amaliy yordam ko‘rsatib kelayotgani aytilmoqda.

Bundan tashqari, ayni paytda mazkur holat bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.