Fuqarolar o‘rtasida chet el valyutasida qarz berishni notarial tasdiqlash orqali amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi. Adliya vazirligining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, vazirlik tomonidan tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olish bo‘yicha shartnoma tuzishga ruxsat etilmagan. Biroq, amaliyotda fuqarolar tomonidan chet el valyutasida qarz kelishuvlari tuzish holatlari ko‘p uchraydi va cheklovlar sababli yozma ravishda qarz shartnomasini tuzishga va keyinchalik nizo kelib chiqqanda o‘z huquqlarini himoya qilishda to‘sqinliklar yuzaga kelayotgan edi, deyiladi xabarda.

Loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • Fuqarolik kodeksiga fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi BHMning 10 baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi, qarz summasi chet el valyutasida belgilanganda esa yozma shaklda tuzilishi va notarial tartibda tasdiqlanishi shartligi kabi yangi qoida kiritilmoqda.
  • «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga O‘zbekiston hududida rezident va norezident bo‘lgan jismoniy shaxslar o‘rtasidagi valyuta operatsiyalariga yozma shaklda tuzilgan va notarial tartibda tasdiqlangan qarz shartnomasi orqali qarz berish va qaytarib olishga doir operatsiyalar kiritilmoqda;
  • «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga qarz shartnomasini notarial tasdiqlanganlik uchun hamda notarius tomonidan qarz shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish bo‘yicha ijro varaqasini rasmiylashtirishdagi davlat boji miqdori ikki baravarga kamaytirish borasida o‘zgartishlar kiritiladi.

«Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan jismoniy shaxslarning o‘z mulki hisoblangan chet el valyutasidagi pul mablag‘larini erkin tasarruf etishi, xususan ularning chet el valyutasida qarz berishda huquqlarining himoya qilinishi, shu jumladan nizo kelib chiqqan taqdirda sudda o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini to‘liq himoya qilinishiga huquqiy asoslar yaratiladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, qarz berish va olishda shartnomaviy-huquqiy munosabatlarning rivojlanishiga turtki berishi va bu borada yashirincha kelishuvlar tuzilishining oldi olinishi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 14 sentabr kuni qabul qilingan prezidentning tegishli [PF-6313-son] farmonida jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berilgandi.