Sirdaryo viloyati Xovos tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasini amalga oshirish jarayonida 7 mln dollardan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingan. Bu haqda viloyat hokimi G‘ofur Mirzayev 20 dekabr kuni viloyat aholisiga murojaatida ma’lum qildi.

«126 ming aholini suv bilan ta’minlash masalasida Xovos tumanida Osiyo taraqqiyot bankidan olinayotgan mablag‘larning talon-toroj qilinganligi, buni deputatlar, siz yaxshi bilasiz, senatorlar bilan uchrashuvda ham bir necha bor muhokama qilindi. 7 million dollardan ortiq mablag‘. Chunki u yerda sifatsiz, bizning sho‘r sharoitimizga, tuproq sharoitimizga to‘g‘ri kelmaydigan sifatsiz quvurlar olib kelib o‘rnatishgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihalarni amalga oshirish uchun Ozarbayjondan quruvchilar tanlangan.

«Hozir buni yana qilishimiz kerak, chunki 126 ming aholini suv bilan ta’minlashimiz kerak. 126 ming aholining nima aybi bor? Biz hozir respublika rahbariyatiga bu masalani jo‘natdik», — dedi hokim.

G‘ofur Mirzayev Sardoba suv omborida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatlari haligacha bartaraf etilayotgan Sardoba tumanida quvurlarni almashtirish ishlari bo‘yicha misol keltirdi.

«Sardoba tumanida steklopaket [stekloplastika bo‘lishi kerak — tahririyat] quvurlarini yotqizish ishlari natija bermadi. Yaqindagina 7 kilometrlik suv quvurlarini boshqa quvurlarga almashtirdik», — deya ta’kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Toshkent viloyatidagi 3 ta shahar va 3 ta tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun ajratilgan 500 mln so‘mga yaqin pul mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangani haqida xabar berilgandi.