Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisi Oybek Ismoilovning ta’kidlashicha, qo‘mita tasarrufidagi korxonalar soni 6 taga yetib, harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarishga litsenziyalashtirilgan xususiy sektor korxonalari soni 3 barobarga ortgan. Bu haqda Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tkazilgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

2021 yilda qo‘mita tasarrufidagi korxonalar tomonidan mahsulotlar ishlab chiqish ko‘rsatkichi 2020 yilga nisbatan 3,5 barobar, xorijiy davlatlarga mahsulotlar eksporti 1,9 barobarga oshgan.

Qayd etilishicha, korxonalar zamonaviy, energiya tejovchi, raqamli-dasturlashtirilgan boshqaruvli dastgohlar va uskunalar bilan bosqichma-bosqich jihozlangan. Ular bazasida kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari o‘tkazilgan. Ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan mablag‘lar, o‘tgan yilga nisbatan 15 barobarga o‘sgan.

Yengil zirhlangan avtomobillar va tungi ko‘rish priborlari kabi yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 20dan ortiq turdagi zamonaviy talablarga javob beradigan harbiy va ikki maqsadda qo‘llaniladigan mahsulotlar ishlab chiqarish tizimi o‘zlashtirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston tarixida ilk bor milliy Mudofaa sanoati mahsulotlari 2021 yilning 23−26 iyun kunlari Belarusning Minsk shahrida o‘tgan «MILEX-2021» qurol-aslaha va harbiy texnikalar xalqaro ko‘rgazmasidagi namoyish etilgani aytildi.

Umumiy hisobda o‘tgan davr ichida qo‘mita va uning korxonalari tomonidan ko‘plab turdagi harbiy hamda ikki maqsadli mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Chirchiq shahrida zirhlangan avtomashinalar, sedan, avtobuslar, tibbiy yordam mashinalari, qolaversa, zirhli harbiy mashinalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.