Toshkent shahridagi «Gazeta korpusi» nomi bilan ko‘pchilikka tanish bo‘lgan Matbuot uyining ma’muriy binosi sotilmaydigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zA direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovga tayanib ma’lum qildi.

Davlat rahbarining matbuot kotibi bir qator nashrlar bosh muharrirlari bilan uchrashuvda bino sotuvdan olinganini aytgan. Qolaversa, uchrashuvda bosma matbuot gazeta va jurnallar faoliyatiga oid muammolar, yangi takliflar muhokama qilingan.

Sherzod Asadovning ta’kidlashicha, Matbuot uyining binosi uzil-kesil sotuvdan olingan. Bino kelgusida OAV, jumladan, bosma nashrlar ixtiyorida qoldiriladi. Binoga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida joylashgan Jurnalistlar uyushmasi ko‘chib o‘tishi mumkin.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz» manbasining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zA balansiga o‘tkazish bilan Matbuot uyi binosiga ko‘chib o‘tishi varianti ham muhokama qilinmoqda. Bunday holatda O‘zAning binosi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tadi. Biroq, hozircha bu borada tegishli qaror qabul qilinmagan.

Sherzod Asadovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu masala prezident nazoratida, bino «zamonaviy talablar asosida» qayta quriladi hamda OAV foydalanishi uchun topshiriladi.

Uchrashuvda shuningdek, OAVlar, bosma nashrlar hamda Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus qaror loyihalari tayyorlanayotgani ma’lum qilingan.

Avgust oyida Buxoro va Nuroniylar ko‘chalari kesishmasida joylashgan «Gazeta korpusi» (18,1 ming kv.m.) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ommaviy sotuvga qo‘yilgan 12 ta davlat aktivlari qatoridan joy olgandi.

Spot Matbuot uyi 2018 yilning bahorida auksionga qo‘yilgani haqida yozgandi. O‘shanda binoning boshlang‘ich narxi 18,7 mlrd so‘m etib belgilangandi. Keyinroq esa lot auksiondan chiqarilgandi.