Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi sotuvga qo‘yildi, deb xabar bermoqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

U O‘zbekistonda xalqaro mehmonxonalar tarmog‘i boshqaruvida bo‘lgan yagona besh yulduzli mehmonxona bo‘lib, shahar markazida joylashgan.

Qayd etilishicha, savdo jarayoniga «KPMG Valuation and Consulting» MCHJ aktivni xususiylashtirish bo‘yicha eng yaxshi takliflarni tanlash asosida, eksklyuziv moliyaviy maslahatchi sifatida jalb etilgan.

Besh yulduzli Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi 2016 yilda Toshkent markazida bunyod etilgan va «Hyatt» xalqaro brendining O‘zbekistondagi birinchi mehmonxonasiga aylangan.

Umumiy yer maydoni 3,1 gektar, bino va inshootlar maydoni 60,1 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Mehmonxona 8 qavatdan iborat, mijozlar uchun 300 ta xona, jumladan, 248 ta standart va 52 ta lyuks/yarim lyuks xonalarni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari bino hududida xalqaro sifat standartlari darajasida jihozlangan turli sig‘imdagi bir nechta konferensiya zallari, shuningdek, 850 kvadrat metr maydonga ega banket zali, yopiq basseyn va SPA markazi mavjud.

Savdo jarayonlarida ishtirok etish uchun arizalarni topshirish bo‘yicha rasmiy taklif qo‘shimcha e’lon qilinadi. Ariza topshirish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘ladi.

Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasini xususiylashtirish haqida ilk bor 2020 yilning yanvarida gap so‘zlar tarqalgandi. O‘shanda The Abu Dhabi Uzbek Fund investitsiya jamg‘armasi hisobidan 110 mln dollar evaziga xususiylashtirish rejalashtirilayotgani aytilgandi. 2020 yilda mehmonxona kreditlarini qoplash uchun davlat budjetidan 66,4 mlrd so‘m ajratilishi ham ma’lum bo‘lgandi.

Joriy yilning avgustida esa sentabr oyidan 12 ta davlat aktivi qatorida mazkur mehmonxona ham sotuvga qo‘yilishi xabar qilindi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Akmalxon Ortiqovning ma’lum qilishicha, 2021 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston davlat aktivlarini xususiylashtirishdan 105 mln dollar daromad ko‘rdi. Uning qayd etishicha, joriy yilda 900 ta obyekt sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, yil oxiriga qadar 600 mln dollar daromad ko‘rish kutilmoqda.