Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 21 dekabr kuni soat 13:25 atrofida 4P-88 Sho‘rtan-Mang‘it avtomobil yo‘lining 16-kilometrida oltita avtomobil to‘qnashib ketdi, deb xabar beradi IIV YHXBB matbuot xizmati.

Ob-havoning keskin o‘zgarishi hamda birdaniga ko‘tarilgan qum-chang bo‘roni natijasida bir yo‘nalishda harakatlanayotgan uchta yuk mashinasi bir-biri bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Shuningdek, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda ularga qarama-qarshi kelayotgan Tico va ikkita Nexia ushbu yuk mashinalari bilan to‘qnashgan.

«Yo‘l-transport hodisasi natijasida hech kim tan jarohati olmagan. Faqatgina transport vositalariga zarar yetgan», — dedi YPX inspektori. U har qanday ob-havoda tezlik va masofaga rioya qilishni so‘radi.

Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda joylarda chang bo‘roni natijasida ko‘rish masofasi 3 metrga qadar qisqargani haqida xabarlar tarqaldi.

Avvalroq O‘zgidromet respublikaning qator hududlarida chang bo‘roni va changli tuman tushishi haqida ogohlantirgan edi.