Vazirlar Mahkamasining 16 dekabrdagi qarori bilan Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirishgan soqchilik bo‘linmalari va qorovulllik bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol mulkini qo‘riqlash evaziga tushadigan mablag‘lar hisobidan harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari va qorovullik bo‘linmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.

Shuningdek, nizom bilan harbiylashtirilgan soqchilik va qorovullik bo‘linmalarining vazifa va majburiyatlari, ular faoliyatini tashkil etish tartiblari, ko‘rsatiladigan xizmat turlari, bo‘linmalarga ishchi va xizmatchilarni qabul qilish, tayyorlash va qayta tayyorlash tartiblari belgilab berildi.

Shartnoma asosida qo‘riqlash uchun topshirilgan binolar, qurilmalar, inshootlar, muayyan joylar, ularning hududlari, transport vositalari, transportda tashiladigan yuklar, pul mablag‘lari, moddiy boyliklar va boshqa mol-mulklar qo‘riqlanadigan obyekt sifatida keltirilgan.

Harbiylashtirilgan soqchilik va qorovullik bo‘linmalari xodimlari xizmat vaqtida jismoniy kuch, xizmat quroli va maxsus vositalarni qo‘llash huquqiga ega.

Hujjat qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 17 dekabrdan kuchga kirdi.