Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Toshkent, Sirdaryo, Namangan va Samarqand viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotishga urinish holatlari aniqlandi.

Toshkent viloyatи investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi hamda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida ro‘yxatdan o‘tgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning norasmiy egasi o‘zaro til biriktirib, Qibray tumani hududida joylashgan mazkur MCHJga tegishli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan 13,7 gektar unumdor yer maydonini xaridorga 3 mln 425 ming AQSh dollariga sotishga kelishadi.

DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda, gumondorlar so‘ralgan puldan 500 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda yer sotish bilan bog‘liq bir nechta noqonuniy holatlarga chek qo‘ydi.

Sirdaryo viloyatidagi holatda esa Mirzaobod tumanida yashovchi, muqaddam ikki marotaba firibgarlik moddasi bilan sudlangan shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga hokimiyatda ishlovchi tanishlari orqali 20 gektar yer maydoni olib berishiga ishontiradi. Buning evaziga undan 70 ming AQSh dollari so‘rab, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Guliston шаҳрида yashovchi, maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs 23 yoshli fuqaro bilan o‘zaro kelishib, uning nomiga bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilik tashkil etish uchun ajratilgan 20 gektar yer maydonini 19 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtiradi. Ular so‘ralgan puldan 15 ming dollarni avans sifatida olganida ushlandi.

Shu kabi holat Boyovut tumaniда ham qayd etildi. 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zganing nomidagi fermer xo‘jaligining 10 gektar yer maydonini xaridorga 14 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Namangan viloyatiда kuzatilgan holatda esa Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun hozirda ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotganiga qaramasdan, yana qonun buzarlik qiladi.

Mazkur shaxs qurilish firmasi vakilining ishonchiga kirib, unga ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun mansabdor tanishlari orqali Mingbuloq tumani markazidan 5 sotix yer maydoni olib berish evaziga 24 ming AQSh dollari talab qiladi.

U oldindan 12 ming dollar hamda 32 mln 250 ming so‘m olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlangan.

Boshqa bir holatda Samarqand viloyatiдаги tumanlardan birining uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i xizmat mavqeidan foydalanib, 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan kelishgan holda o‘zganing ishonchiga kirib, unga tuman tibbiyot birlashmasining foydalanilmayotgan omborxona binosini olib berishni va’da qiladi. Buning evaziga 10 ming AQSh dollari so‘rashgani aytilmoqda.

DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular oldindan 5 ming dollar olgan vaqtlarida qo‘lga tushgan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.