Barcha demokratik davlatlarga xos ravishda O‘zbekistonda ham hokimiyat uchga: qonunchilik, ijro va sud hokimiyatiga bo‘linadi. Xo‘sh, O‘zbekistonda hokimiyat tarmoqlaridagi rahbarlar kimlar, ularning mutaxassisligi qanday va ular qaysi ta’lim muassasasini tugatishgan?

Ushbu maqolada uchta hokimiyat tarmoqlaridagi 61 nafar yuqori lavozimdagi rahbarlar haqidagi ba’zi ma’lumotlar to‘plangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 61 nafar rahbardan 16 tasi Toshkent shahrida tug‘ilgan. Shuningdek 9 tasi Qoraqolpog‘iston Respublikasida (ulardan 6 tasi Qoraqolpog‘iston Vazirlar Kengashi Raisi va o‘rinbosarlari), 7 tasi Toshkent, 6 tasi Namangan, 5 tasi Samarqand, 4 tasi Farg‘ona, 3 tasi Qashqadaryo, 3 tasi Xorazm, 2 tasi Andijon, 2 tasi Buxoro, 2 tasi Jizzax va yana 2 tasi Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan.




Rahbarlarni tarbiyalash bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kichik farq bilan Milliy universtitetdan oldinda. Keyingi o‘rinlarda Toshkent davlat texnika universiteti va boshqalar joylashgan.

O‘zbekistonning uch hokimiyatidagi rahbarlarning o‘rtacha yoshi 53 yoshni tashkil etadi. O‘rta yoshi eng yuqori bo‘lgan tizim parlament hisoblanadi — 58 yosh. Keyingi o‘rinlarda Oliy sud — 54 yosh, hokimiyatlar — 52 yosh va Vazirlar Mahkamasi — 51,5 yosh. Eng yosh va katta amaldorlar orasidagi farq — 34 yosh (Xalq ta’lim vaziri Baxtiyor Saidov — 40 yosh, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov — 74 yosh).

1.Qonunchilik hokimiyati

Senat

Tanzila Narbayeva — 1957 yilda tug‘ilgan (64 yosh). Oliy Majlis Senati raisi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva 24 yoshida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi: filolog (rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi). Oliy majlis Senati raisi lavozimiga saylanishidan avval asli toshkentlik Tanzila Narbayeva 15 yil Vazirlar Mahkamasi xodimi, 6 yil Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, shuningdek deyarli 3 yil davomida Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Sodiq Safoyev — 1954 yilda tug‘ilgan (67 yosh). Senat raisining birinchi o‘rinbosari

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 22 yoshida hozirgi Milliy universitetni tamomlagan. Mutaxassisligi: iqtisodchi. Toshkentlik Sodiq Safoyev 2003—2005 yillarda tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan. Safoyev 2005 yildan buyon Senat a’zosi hisoblanadi.

Murat Kamalov — 1955 yilda tug‘ilgan (66 yosh). Senati raisi o‘rinbosari

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi. Oliy Majlis Senati Raisi o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi Murat Kamalov Nukus shaxrida tug‘ulgan. Kamalov 22 yoshida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) oliy maktabini tamomlagan. Mutaxassisligi: huquqshunos. Jo‘qorg‘i Kengesning raisi etib saylanishidan avval Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqolpog‘iston boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlagan.

Qonunchilik palatasi

Nurdinjon Ismoilov — 1959 yilda tug‘ilgan (62 yosh). Oliy Majlis Qonunchilik palatasining spikeri

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining spikeri Nurdinjon Ismoilov 1959 yil Namangan viloyatida tug‘ilgan. Ismoilov 21 yoshida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi: yurist, yuridik fanlari nomzodi. Spiker etib saylanishidan avval 20 yil davomida Oliy Majlis qonunchilik va sud masalalari bo‘yicha qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlagan

Aktam Xaitov — 1974 yilda tug‘ilgan (47 yosh). Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari


Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari — O‘zLiDeP fraksiyasi lideri Aktam Xaitov 20 yoshida Samarqand iqtisodiyot institutini tamomlagan. Mutaxassisligi: iqtisod va boshqaruv. Iqtisod fanlari nomzodi. Asli Qashqadaryolik Xaitov O‘zbekiston Liberal-demokrat partiyasi yetakchisiga aylanishidan avval Mehnat vaziri bo‘lib ishlagan.

Zuxra Ibragimova — 1965 yilda tug‘ilgan (56 yosh). Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari


Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari — «Adolat» SDP fraksiyasi rahbari 56 yoshli Zuxra Ibragimova 1991 yilda Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan. Mutaxassisligi: pediatr shifokori. Qoraqolpog‘istonlik Ibragimova deputat bo‘lishidan avval ko‘p yillar davomida Qoraqalopog‘istonning turli tumanlaridagi vrachlik-punktlarida faoliyat yuritgan.

Xayrillo Gapporov — 1971 (50 yosh). Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari

Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari — O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi lideri Xayrillo Gapporov 1971 yilda Namangan tumanida tug‘ilgan. Ekologiya partiyasi fraksiyasi rahbari 23 yoshida hozirgi Milliy universitetni tamomlagan. Mutaxassisligi: kimyogar, o‘qituvchi. Kimyo fanlari nomzodi. Deputat bo‘lishidan avval Gapporov Namangan davlat universitetida 13 yil davomida ilmiy bo‘lim rahbari lavozimidan prorektorlikkacha ko‘tarilgan.

Akmal Saidov — 1958 yilda tug‘ilgan (63 yosh). Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari


Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Saidov 23 yoshida Milliy universitetning yuridik fakultetini tamomlagan. Mutaxassisligi: yurist. Yuridik fanlari doktori, professor. 25 yildan buyon Inson huquqlari bo‘yicha markaz rahbari bo‘lib ishlab kelmoqda. Shuningdek, 24 yildan buyon deputat sifatida faoliyat yuritmoqda. Oxirgi marotaba Akmal Saidov Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida Qashqadaryo viloyatidan nomzod sifatida ishtirok etgan.

Alisher Qodirov — 1975 yilda tug‘ilgan (46 yosh). Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari

Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari — «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov Toshkent shahrida tug‘ilgan. U amaldagi partiya rahbarlari ichida eng yoshi hisoblanadi. U 21 yoshida Turkiyaning Egey universitetini tamomlagan. Shuningdek, u oradan 13 yil o‘tib Toshkent moliya institutining sirtqi bo‘limi bitiruvchisi bo‘lgan. Mutaxassisligi: filolog, iqtisodchi. 2015 yilda deputatlikka saylanishdan avval Qodirov 7 yil davomida Jizzax viloyati tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlagan. 2017−19 yillarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari sifatida faoliyat yuritgan. 2019 yilda «Milliy tiklanish» DP raisi etib saylangan.

Ulug‘bek Inoyatov — 1962 yilda tug‘ilgan (59 yosh). Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari

Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov 1962 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Inoyatov 23 yoshida Toshkent politexnika institutini, 36 yoshida Toshkent moliya institutining sirtqi bo‘limini tamomlagan. Mutaxassisligi: muhandis, iqtisodchi. Pedagogika fanlari doktori. Avvalroq Namangan davlat universiteti rektori va Xalq ta’lim vaziri sifatida faoliyat yuritgan.

2. Ijro hokimiyati

Vazirlar Mahkamasi

Abdulla Aripov — 1961 yilda tug‘ilgan (60 yosh). Bosh vazir

Hukumat rahbari — bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1983 yilda hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. Ixtisosligi — Elektroaloqa muhandisi. 2016 yilda bosh vazir lavozimiga tayinlanishidan avval 4 yil davomida Toshkent aloqa kasb-hunar kollejida katta o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.

Ochilboy Ramatov — 1962 yilda tug‘ilgan (59 yosh). Bosh vazir birinchi o‘rinbosari

Ochilboy Ramatov Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Sobiq transport vaziri Toshkent temir-yo‘llar muhandislari institutini tamomlagan. Ushbu lavozimga tayinlanishidan avval Transport vaziri va 17 yil davomida «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasining boshqaruv raisi bo‘lib ishlagan.

Jamshid Qo‘chkorov — 1964 yilda tug‘ilgan (57 yosh). Bosh vazir o‘rinbosari

Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chkorov hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (1985 yil), biroz vaqt o‘tib AQShning Kolorado universitetini (1996 yil) tamomlagan. Samarqandlik Jamshid Qo‘chqorov bundan avval 3 yil Moliya vaziri lavozimida ishlagan.

Alisher Sultonov — 1967 yilda tug‘ilgan (54 yosh). Bosh vazir o‘rinbosari


Bosh vazir o‘rinbosari — energetika vaziri Alisher Sultonov 1967 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Sultonov 1984−89 yillarda Sankt-Peterburg shahrida joylashgan A.F.Mojayskiy nomidagi harbiy muhandislik instituti talabasi bo‘lgan. Bosh vazir o‘rinbosarligiga tayinlanishdan avval Alisher Sultonov «O‘zbekneftgaz» milliy xolding rahbari bo‘lib ishlagan.

Aziz Abduhakimov — 1974 yilda tug‘ilgan (47 yosh). Bosh vazir o‘rinbosari

Bosh vazir o‘rinbosari — turizm va sport vaziri Toshkentlik Aziz Abduhakimov ham ko‘pchilik rahbarlar kabi Iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlanishidan avval «O‘zbekturizm» ko‘mitasi raisi, oldinroq esa 3 yil davomida Mehnat vaziri lavozimida ishlagan.

Sardor Umurzoqov — 1977 yilda tug‘ilgan (44 yosh). Bosh vazir o‘rinbosari

Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov 1977 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Umurzoqov 17 yoshida Toshkent Iqtisodiyot universiteti «Xalqaro moliya va bank ishi» fakulteti talabasiga aylangan. 21 yoshida Buyuk Britaniyadagi Reding universitetining «Bank ishi» yo‘nalishi bo‘yicha magistraturaga kirgan. Vazir etib tayinlanishidan avval «Uzbekcharmpoyabzali» Assotsiatsiyasida turli yillarda rais maslahatchisi, rais o‘rinbosari va rais lavozimlarida ishlagan.

Behzod Musayev — 1973 yilda tug‘ilgan (48 yosh). Bosh vazir o‘rinbosari

Bosh vazir o‘rinbosari — sog‘liqni saqlash vaziri toshkentlik Behzod Musayev ham Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirgan vazirlardan biri hisoblanadi. Mutaxassisligi — iqtisodchi. Bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallashdan avval Soliq qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan.

Shuhrat G‘aniyev — 1968 yilda tug‘ilgan (53 yosh). Bosh vazir o‘rinbosari

Bosh vazir o‘rinbosari — agrar va oziq ovqat masalalari bo‘yicha kompleks rahbari Shuhrat G‘aniyev 17 yoshida Toshkent agrar universiteti qabul qilinib, ushbu institutda 7 yil davomida bilim olgan. Oradan 13 yil o‘tib, 2005 yilda Toshkent kimyo-texnologiyalari institutini tamomlagan. Farg‘onalik Shuhrat G‘aniyev bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlanishidan avval 8 yil davomida Farg‘ona hokimi lavozimida ishlagan.

Timur Ishmetov — 1979 yilda tug‘ilgan (42 yosh). Moliya vaziri

Timur Ishmetov O‘zbekistondagi yosh vazirlaridan biri hisoblanadi. Toshkentlik Ishmetov 21 yoshida Toshkent moliya institutining moliya va kredit fakultetini tamomlagan. Oradan 5 yil o‘tib esa Buyuk Britaniyadagi Birmingem universitetining magistaturasini tugatgan. Shuningdek 2008 yilda Toshkent yuridik universitetini tugatgan. Timur Ishmetov Moliya vazirligi tizimiga o‘tishidan avval ko‘p yillar davomida Markaziy bankda turli sohalarda faoliyat yuritgan.

Ilhom Mahkamov — 1979 yilda tug‘ilgan (42 yosh). Transport vaziri

Yana bir yosh vazir — Ilhom Mahkamov Toshkent transport institutining bakalavr va magistr darajasiga ega. Transport vaziri iqtisod, texnika va marketing yo‘nalishini tamomlagan. Vazir bo‘lishdan avval Mahkamov vazir o‘rinbosari sifatida, undan avvalroq esa uy-joy kommunal xizmatida turli sohalarda faoliyat yuritgan. Vazirlikka tayinlanganidan bir kun o‘tib, 2021 yil 23 fevral kuni «Uzbekistan Airways» rahbariga aylandi.

Nozim Husanov — 1976 yilda tug‘ilgan (45 yosh). Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov 1976 yilda Zangiota tumani (Toshkent viloyati)da tug‘ilgan. 21 yoshida Toshkent avtomobil yo‘llar institutini tamomlagan Husanov oradan 5 yil o‘tib Moliya institutining diplomiga ega bo‘lgan. Vazir etib tayinlanishidan avval Toshkent shahar Sergeli tumani hokimi bo‘lib ishlagan.

Abduqodir Toshqulov — 1976 yilda tug‘ilgan (45 yosh). Oliy ta’lim vaziri

Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov 1976 yilda Surxondaryoda tug‘ilgan. 22 yoshida Termiz davlat universitetini tamomlagan Toshqulov 2021 yilda vazirlikka tayinlanishidan avval ushbu universitet rektori bo‘lib ishlagan.

Baxtiyor Saidov — 1981 yilda tug‘ilgan (40 yosh). Xalq ta’lim vaziri

21 yoshida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan Baxtiyor Saidov hukumatdagi eng yosh vazir hisoblanadi. 40 yoshli Xalq ta’lim vaziri, shuningdek, 2007 yilda Jahon savdo tashkiloti institutini ham tamomlagan. Samarqandlik Saidov xalqaro iqtisodiy aloqalar va savdo siyosati bo‘ycha mutaxassis hisoblanadi. Baxtiyor Saidov 2021 yilda vazir etib tayinlanishidan avval O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlagan.

Po‘lat Bobojonov — 1961 yilda tug‘ilgan (60 yosh). Ichki ishlar vaziri

Ichki ishlar vaziri, General-leytenant Po‘lat Bobojonov 1961 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. 21 yoshida Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. Bobojonov o‘z faoliyati davomida Xorazm, Jizzax va Buxoro viloyatlarida turli lavozimlarda ishlab kelgan. Vazir etib tayinlanishiga (2017 yil) qadar 5 yil Xorazm viloyati hokimi bo‘lib ishlagan. Mutaxassisligi: yurist.

Bahodir Qurbonov — 1969 yilda tug‘ilgan (52 yosh). Mudofaa vaziri

Mudofaa vaziri General-mayor Bahodir Qurbonov 21 yoshida ikki yillik harbiy xizmatni o‘tab bo‘lib, O‘zbekiston IIV oliy tergov maktabiga o‘qishga kirgan, keyinroq 23 yoshida IIV oliy maktabida o‘qishni davom ettirgan. Jizzaxlik Bahodir Qurbonov vazir etib tayinlanishidan avval Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni bo‘lib faoliyat yuritgan. Ayni vaqtda parallel ravishda O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi raisi hisoblanadi.

Tursinxon Xudoyberganov — 1951 yilda tug‘ilgan 70 yosh. Favqulotda vaziyatlar vaziri

Chinozlik Favqulotda vaziyatlar vaziri Tursinxon Xudoyberganov Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlagan. Shuningdek, Xudayberganov 31 yoshida IIV Akademiyasini ham bitirgan. 2016 yilgacha 6 yil davomida Favqulotda vaziyatlar vaziri bo‘lib ishlagan, ikki yillik tanaffusdan so‘ng ushbu lavozimga qayta tayinlangan. Tursinxon Xudoyberganov 2016 yildan buyon Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha prezident maslahatchisi bo‘lib ishlaydi.

Botir Zokirov — 1963 yilda tug‘ilgan (58 yosh). Qurilish vaziri

Qurilish vaziri Botir Zokirov 1963 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozirgi Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi: quruvchi-injiner. Mehnat faoliyatini 17 yoshida Toshkent instrumental zavodida boshlagan. 27 yoshida «12-Trest» korporatsiyasidda usta bo‘lib ishga kirgan Zokirov yillar o‘tib ushbu koorporatsiya Kengashi raisiga aylangan.

Abdulaziz Kamilov — 1947 yilda tug‘ilgan (74 yosh). Tashqi ishlar vaziri

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 1972 yilda Sovet ittifoqi Tashqi ishlar vazirligining diplomatik akademiyasini tamomlagan. Uzoq yillar davomida qator davlatlarda avval Sovet ittifoqi, keyin O‘zbekiston elchixonalarida ishlagan. 1992−1994 yillarda Milliy xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari bo‘lgan. 2012 yildan buyon O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritmoqda. 1994−2003 yillarda ham ushbu lavozimda ishlagan. Tarix fanlari nomzodi.

Sherzod Shermatov — 1977 yilda tug‘ilgan (44 yosh). Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov 22 yoshida Toshkent davlat texnika universitetini, ikki yil o‘tib esa AQShning Yel universitetini tamomlagan. Shermatov O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar «blokirovka"sidan so‘ng ishdan bo‘shatilgan Baxtiyor Sodiqov o‘rniga 2021 yil 17 noyabr kuni vazir etib tayinlangan. Undan avval Shermatov Xalq ta’lim vaziri sifatida faoliyat yuritgan.

Ruslanbek Davletov — 1980 yilda tug‘ilgan (41 yosh). Adliya vaziri

Eng yosh vazirlardan biri Ruslanbek Davletov 1980 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. 21 yoshida Buyuk Britaniyaning Uorik universitetini tugatib, ikki yildan so‘ng Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistri darajasini olgan. Bundan tashqari u shu yilning o‘zida yana bir universitet — Toshkent davlat iqtisodiyot universitida o‘qishni boshlagan. Ruslanbek Davletov vazir etib tayinlanishidan oldin prezident davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Ozodbek Nazarbekov — 1974 yilda tug‘ilgan (47 yosh). Madaniyat vaziri

Mashhur san’atkor, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 1974 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. 33 yoshida Mannon Uyg‘ur nomidagi san’at institutini tamomlagan. 2020 yilda vazir etib tayinlanishidan avval 26 yil davomida o‘zbek estradasida ijod qilgan.

Sherzod Hidoyatov — 1980 yilda tug‘ilgan (41 yosh). Uy-joy kommunal hizmati vaziri

Eng yosh vazirlardan yana biri, uy-joy kommunal xizmati vaziri Sherzod Hidoyatov 1980 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Xidoyatov 26 yoshida Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Oliy xo‘jalik sudida 11 yil davomida konsultant bo‘lgan. Undan so‘ng 9 yil «Artel Engineering», «Durabel Beton» va boshqa kompaniyalarda turli lavozimlarda ishlagan. Vazir etib tayinlanishidan avval Qurilish vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Agrippina Shin — 1958 yilda tug‘ilgan (63 yosh). Maktabgacha ta’lim vaziri

Amaldagi vazirlar orasidagi yagona ayol, maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin 1958 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 22 yoshida hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. Vazir bo‘lishidan avval 30 yil davomida Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida (2004 yilgacha Toshkent shahridagi 4-hunar texnika bilim yurti deb nomlangan) turli lavozimlarda ishlagan.

Jamshid Xodjayev — 1979 yilda tug‘ilgan (42 yosh). Qishloq xo‘jaligi vaziri

Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev 1979 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 21 yoshida Toshkent iqtisodiyot universitetini tugatib, Yevropa davlat boshqaruvi institutiga o‘qishga kirgan. 2002 yilda ushbu institutni tamomlab, 2003 yilda Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetida MBA darajasini olgan. Xodjayev 2019 yilda Qishloq xo‘jaligi vaziri etib saylanishidan avval tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vaziri bo‘lib ishlagan.

Shavkat Xamrayev — 1964 yilda tug‘ilgan (57 yosh). Suv xo‘jaligi vaziri

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev 1964 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 22 yoshida Toshkent agrar universiteti tamomlagan. Muhandis-gidrotexnik, qishloq ho‘jaligi fanlari nomzodi. 2018 yilda lavozimga tayinlanishidan avval ushbu vazirlikda vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Rahmat Mamatov — 1967 yilda tug‘ilgan (54 yosh). Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov 1967 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Mamatov 24 yoshida Qarshi davlat universitetini, 9 yildan so‘ng esa IIV akademiyasini tamomlagan. Vazir etib tayinlanishidan avval Farg‘ona viloyati IIB rahbari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi raisi bo‘lib ishlagan.

Ibroxim Abduraxmonov — 1975 yilda tug‘ilgan (46 yosh). Innovatsion rivojlanish vaziri

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibroxim Abduraxmonov 22 yoshida hozirgi Milliy universitetini, to‘rt yildan so‘ng Texas qishloq ho‘jaligi va mexanika universiteti (AQSh)ni tamomlagan. Abduraxmonov vazir etib tayinlanishidan avval Fanlar Akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi direktori bo‘lib ishlagan. Namanganlik vazir Jahon fanlar akademiyasi a’zosi hisoblanadi.

Hokimiyat

Shuhrat Abdurahmonov — 1968 yilda tug‘ilgan (53 yosh). Andijon viloyati hokimi


8 yildan buyon Andijon viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Shuhrat Abdurahmonov 1992 yilda xozirgi Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filialini tamomlagan. Mutaxassisligi: agronom. Shuhrat Abdurahmonov viloyat hokimi etib tayinlanishidan avval 7 yil davomida Paxtaobod tumani hokimi va 2 yil Andijon viloyat hokimining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan

Botir Zaripov — 1969 yilda tug‘ilgan (52 yosh). Buxoro viloyati hokimi

Botir Zaripov viloyat hokimlari orasida yagona moliyachi hisoblanadi. Asli g‘ijduvonlik viloyat hokimi 28 yoshida Toshkent moliya instituti ni tamomlagan. Viloyat hokimi etib tayinlanishidan avval 4 yil davomida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi raisi lavozimida, undan avval esa ko‘p yillar davomida Markaziy bankning turli bo‘limlarida ishlagan.

Ergash Soliyev — 1956 yilda tug‘ilgan (65 yosh). Jizzax viloyati hokimi

Jizzax viloyati hokimi forishlik Ergash Soliyev hokim sifatida deyarli 17 yillik tajribaga ega. U Paxtakor tumanida 12 yil, Arnasoy tumanida 1 yil hokim bo‘lib ishlagan. 4 yil avval esa Buxoro viloyati hokimi etib tayinlangan. 65 yoshli Soliyev 1978 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlab, Belarus davlat universiteti aspiranturasida o‘qishni boshlagan. Ergash Soliyev amaldagi eng yoshi katta hokim hisoblanadi

Shavkat Abdurazzoqov — 1976 yilda tug‘ilgan (45 yosh). Namangan viloyati hokimi

Mutaxassisligi injener-texnolog bo‘lgan 45 yoshli Shavkat Abdurazzoqov 2020 yilning oxirlarida Namangan viloyati hokimi etib tayinlanishidan avval Namangan tumani, keyinroq Namangan shahri hokimi bo‘lib ishlagan. Qolaversa, u 6 oy davomida Ekologiya qo‘mitasi rahbari bo‘lib ishlagan. Namanganlik Abdurazzoqov 22 yoshida Namangan sanoat-texnologiya institutini tamomlagan.

Normat Tursunov — 1972 yilda tug‘ilgan (49 yosh). Navoiy viloyati xokimi

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov 22 yoshida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati institutini tamomlab, biroz vaqtdan so‘ng Toshkent Moliya institutining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirgan. Toshkent viloyatidan bo‘lgan Tursunov Navoiy hokimi etib tayinlanishidan avval ko‘p yillar soliq tizimida vaoliyat yuritgan.

Murotjon Azimov — 1976 yilda tug‘ilgan (45 yosh). Qashqadaryo viloyati hokimi

Amaldagi hokimlar orasida mutaxassisligi yurist bo‘lgan yagona hokim, qashqadaryolik Murotjon Azimov bir oy avval, 18 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati hokimi etib tayinlandi. Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan Azimov hokim bo‘lgungacha 2 yil davomida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan

Erkinjon Turdimov — 1969 yilda tug‘ilgan (52 yosh). Samarqand viloyati hokimi

Samarqandlik Erkinjon Turdimov 1991 yilda hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi: iqtisodchi. Samarqand viloyati hokimi etib tayinlanishidan oldin ikki yil Surxondaryo va 8 yil davomida Navoiy viloyatlari hokimi vazifasida ishlagan.

G‘ofurjon Mirzayev — 1964 yilda tug‘ilgan (57 yosh). Sirdaryo viloyati hokimi

Asli farg‘onalik Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev 26 yoshida hozirgi Toshkent texnika institutini, 10 yil o‘tib esa Toshkent davlat i qtisodiyot universiteti sirtqi bo‘limini tugatgan. 5 yildan buyon Sirdaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Mirzayev 13 yil davomida Prezident apparatida faoliyat yuritgan.

To‘ra Bobolov — 1970 yilda tug‘ilgan (51 yosh). Surxondaryo viloyati hokimi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ushbu lavozimga tayinlanishidan avval 12 yil davomida Savdo-sanoat palatasining Surxondaryo viloyat boshqarmasida rahbarlik qilgan. 51 yshli Bobolov 22 yoshida ko‘p rahbarlar qatori Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi: iqtisodchi.

Zoir Mirzayev — 1968 yilda tug‘ilgan (53 yosh). Toshkent viloyati hokimi

Yaqindagina Toshkent viloyati hokimi etib tayinlangan Zoir Mirzayev 26 yoshida Toshkent moliya institutini tamomlagan. Mutaxassisligi: iqtisodchi. Asli samarqandlik Mirzayev 6 yil Samarqand va 2 yil Qashqadaryo viloyatlari hokimi lavozimida ishladi. Bundan tashqari, u 2016−2018 yillarda bosh vazirining o‘rinbosari — Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan.

Jahongir Ortiqho‘jayev — 1975 yilda tug‘ilgan (46 yosh). Toshkent shahar hokimi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqho‘jayev ham ko‘plab rahbarlar kabi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bitiruvchisi hisoblanadi. 17 yoshidayoq o‘zining birinchi kompaniyasini ochgan bo‘lajak hokim ushbu universitetni 21 yoshida tamomlagan. Ortiqho‘jayev 36 yoshida «Artel» komaniyasiga asos solgan. 2018 yilda hokim etib tayinlanishidan avval uzoq yillar davomida xususiy biznes bilan shug‘ullangan.

Xayrullo Bozorov — 1976 yilda tug‘ilgan (45 yosh). Farg‘ona viloyati hokimi

Eng yosh hokimlardan biri bo‘lgan namanganlik Xayrullo Bozorov 21 yoshida Namangan sanoat-texnologiya institutining sirtqi bo‘limini tamomlagan. Mutaxassisligi: iqtisodchi. 2020 yilda Farg‘ona viloyati hokimi etib tayinlanishidan avval 7 yil davomida Namangan viloyatining turli tumanlari (Uchqo‘rg‘on, Chust va Mingbuloq), keyinroq esa 5 yil Namangan viloyati hokimi bo‘lib ishlagan.

Farhod Ermanov — 1958 yilda tug‘ilgan (63 yosh). Xorazm viloyati hokimi

Xorazm viloyati hokimi sifatida 3 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Farhod Ermanov 22 yoshida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan. Qoraqalpog‘istonlik hokim 37 yoshida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sirtqi bo‘limini tugatgan. Mutaxassisligi: muhandis-mexanik, iqtisodchi. Farhod Ermanov viloyat hokimi etib tayinlanishildan avval Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Beruniy tumani hokimi lavozimida ishlagan.

Qoraqolpog‘iston Vazirlar Kengashi


Qaxraman Sariyev — 1980 yilda tug‘ilgan (41 yosh). Qoraqolpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi

41 yoshli Qoraqolpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qaxraman Sariyev 2002 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutini bitirgan. Oradan ikki yil o‘tib esa ushbu institutning magistraturasini tamomlagan. To‘rtko‘llik Sariyev 2016 yilda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi etib saylanishidan avval ko‘p yillar davomida O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasida turli lavozimlarda ishlagan, sal keyinroq esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri bo‘lib ishlagan.

Nurullan Yerlepesov — 1971 yilda tug‘ilgan (50 yosh). Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari

2020 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri etib tayinlangan Nurullan Yerlepesov 1971 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. Yerlepesov 23 yoshida Samarqand iqtisodiyot va servis institutini tamomlagan, 2010 yilda esa Qoraqalpoq davlat universitetininng sirtqi bo‘limini tugatgan. Mutaxassisligi: iqtisodchi, moliyachi. Vazir etib tayinlanishidan avval O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Muratbay Jumanov — 1970 yilda tug‘ilgan (51 yosh). Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari

Vazirlar Kengashi raisining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Muratbay Jumanov 1970 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. 25 yoshida Qoraqalpoq davlat universitetini tamomlagan Jumanov O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi a’zosi hisoblanadi. Shuningdek Jumanov 7 yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati sifatida faoliyat yuritmoqda. Vazirlikka tayinlanishidan avval Qoraqalpoq davlat universiteti rektori bo‘lib ishlagan.

Yernazar Atashov — 1972 yilda tug‘ilgan (49 yosh). Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari

Vazirlar Kengashi raisining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Yernazar Atashov 1993 yilda Nukus davlat pedagogika institutini, 2003 yilda esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sirtqi bo‘limini tamomlagan. Nukuslik Yernazar Atashov Kengash raisi o‘rinbosari etib tayinlanishidan avval bir qancha MCHJlarda rahbar bo‘lib ishlagan.

Kazbekov Jusipbek — 1972 yilda tug‘ilgan (49 yosh). Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari


kun.uz

Vazirlar Kengashi raisining ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Kazbekov Jusipbek 1972 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. Kazbekov 22 yoshida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlab, 28 yoshida Kolorado (AKSH) universitetida magistratura darajasini olgan. Mutaxassisligi: muhandis-gidrotexnik, suv resurslarini boshqarish. Kengash raisi o‘rinbosari etib tayinlanishidan avval Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi xalqaro NNTning O‘zbekistondagi filiali suv dasturlari bo‘yicha koordinatori bo‘lib ishlagan.

Xabibullayev Baxitjan — 1969 yilda tug‘ilgan (52 yosh). Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari


kknews.uz

Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari, Investitsiya va tashqi savdo vaziri Xabibullayev Baxitjan Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 24 yoshida Qoraqalpoq davlat universitetini tamomlagan Baxitjan Xabibullayev vazir etib tayinlanishidan avval 11 yil davomida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi loyihalari koordinatori bo‘lib ishlagan.

3. Sud hokimiyati

Kozimdjan Kamilov — 1957 yilda tug‘ilgan (64 yosh). Oliy sud raisi

4 yildan buyon Oliy sud raisi lavozimida ishlab kelayotgan Kozimdjan Kamilov 23 yoshida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Toshkentlik yurist Kamilov 5 yillik muddatga Oliy sud raisi etib tayinlanishidan avval Oliy xo‘jalik sudi raisi bo‘lib ishlagan.

Robaxon Maxmudova — 1958 yilda tug‘ilgan (63 yosh). Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari

Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari — ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Robaxon Maxmudova 1958 yilda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 25 yoshida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan Maxmudova 2020 yilda 10 yil muddatga Oliy sud raisi o‘rinbosari etib tayinlangan. Bundan avval yurist Prezident xalq qabulxonasida faoliyat yuritgan.

Xalilillo Turaxujayev — 1972 yilda tug‘ilgan (49 yosh). Oliy sud raisining o‘rinbosari


Oliy sud raisining o‘rinbosari — fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Xalilillo Turaxujayev 25 yoshida Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi: yurist. Bundan avval namanganlik Xalilillo Turaxujayev Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Ikram Muslimov — 1972 yilda tug‘ilgan (49 yosh). Oliy sud raisining o‘rinbosari

Oliy sud raisining o‘rinbosari. Oliy sud raisining o‘rinbosari — iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Toshkent viloyatida tug‘ilgan Baxtiyor Isakov 22 yoshida Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi: yurist. Isakov 2017 yilda Oliy sud raisining o‘rinbosari etib tayinlanishidan avval, Oliy xo‘jalik sudi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Baxtiyor Isakov — 1976 yilda tug‘ilgan (45 yosh). Oliy sud raisining o‘rinbosari


Oliy sud raisining o‘rinbosari — iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Toshkent viloyatida tug‘ilgan Baxtiyor Isakov 22 yoshida Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi: yurist. Isakov 2017 yilda Oliy sud raisining o‘rinbosari etib tayinlanishidan avval, Oliy xo‘jalik sudi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.


Ushbu ma’lumotlar ochiq manbalardan olingan bo‘lib, maqola e’lon qilingan kun holatiga aktual hisoblanadi.