Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2022 yil davomida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida:

a) loyihalarni moliyalashtirish uchun maqsadli jamg‘armalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining resurslari tijorat banklariga yillik 10 foiz stavkada joylashtiriladi;

b) imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada:

  • oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga — 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
  • chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
  • bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun — 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;
  • «Hunarmand» uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, «usta-shogird» maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun — 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.

Kreditlar mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining o‘ziga biriktirilgan mahallada istiqomat qilayotgan (joylashgan) qarz oluvchiga beradigan tavsiyasi asosida ajratiladi.

Chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishida kreditlar ustuvor ravishda kamida 10 dan 50 boshgacha chetdan keltirilgan naslli chorva mollarini (qoramol, qo‘y, echki) boqish uchun kichik fermalarni tashkil etishga beriladi.

«Yetakchi» tadbirkorlik subyektlariga dehqon xo‘jaliklari yer maydonlari va aholi tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirishga kreditlar ajratiladi.

Qarorda «Agrobank» ATB, AT «Xalq banki» va «Mikrokreditbank» ATBga 2022 yil 1 martdan dasturlar bo‘yicha kreditlarning to‘liq raqamlashgan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratilishini ta’minlash topshirildi. Bunda:

  • kredit olish uchun arizalar barcha bosqichlarda onlayn tarzda ko‘rib chiqiladi va har bir bosqichda qabul qilingan qaror to‘g‘risida Yagona elektron platforma (SMS-xabarnoma, elektron pochta yoki shaxsiy kabinet) orqali ma’lumot berib boriladi;
  • kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha hujjatlar elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va masofadan imzolanadi;
  • kredit olish uchun arizalar masofadan qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki tegishli mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining ko‘magi bilan taqdim etiladi;
  • Yagona elektron platforma orqali aholiga o‘zini o‘zi band qilish uchun kreditlar belgilangan mezonlar asosida skoring baholash natijalariga ko‘ra, avtomatlashtirilgan holda ajratiladi;
  • ajratilgan kreditlar hisobiga tovar va xizmatlarni bozor tamoyillari asosida erkin sotib olish yoki sotish Yagona elektron platformada yaratilgan «marketpleys» tizimi yordamida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, o‘z mahsulot va xizmatlarini sotish bo‘yicha takliflar asbob-uskunalar va mahsulotlar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi) tashkilotlar tomonidan «marketpleys» tizimida erkin joylashtiriladi.

Ta’minotchilar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar foydalanuvchilar tomonidan baholanadi va ularning reytingi avtomatik ravishda shakllantiriladi. Ta’minotchilarning o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarishi yuzasidan monitoring tuman (shahar) oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Monitoring natijalariga ko‘ra, ta’minotchilarning «marketpleys» tizimidagi o‘z xizmatlarini taklif etish imkoniyati davriy ravishda o‘rganib chiqiladi.

Kreditlar qarz oluvchiga u tomonidan mustaqil tanlangan ta’minotchi bilan tuzilgan shartnoma asosida kelishilgan narxda mahsulot yetkazib berilganidan (ish bajarilganidan) va qarz oluvchi tomonidan qabul qilib olingandan so‘ng hamda hokim yordamchisi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasiga ko‘ra, qarz oluvchini identifikatsiyalash orqali ta’minotchiga o‘tkazib beriladi.

Hokim yordamchilari o‘ziga biriktirilgan mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishini va ularning samaradorligini monitoring qilib boradi hamda kreditlarning o‘z vaqtida qaytarilishi bo‘yicha sektor rahbarlari va tijorat banklari bilan birgalikda tegishli choralarni ko‘radi.

Hujjatda belgilanganidek:

  • dasturlar doirasida kreditlar ustuvor ravishda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga o‘zini o‘zi daromadli mehnat bilan band qilish yoki ularning doimiy mehnat bilan bandligini ta’minlashga (ish o‘rinlari yaratishga) qaratilgan loyihalarga ajratiladi;
  • «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga kredit ajratilishi ularni ushbu ro‘yxatdan chiqarish uchun asos hisoblanmaydi va fuqarolar mazkur daftarlardan hokim yordamchisi, tuman davlat soliq inspeksiyasi va tegishli sektor rahbarlari tomonidan fuqaroning unga ajratilgan kredit hisobiga amalga oshirgan faoliyatidan doimiy va barqaror daromad manbaini shakllantirganini o‘rganish orqali beriladigan tavsiya asosida chiqariladi;
  • dasturlar doirasida ilgari ajratilgan kredit mablag‘lari bo‘yicha mavjud qarzdorligi to‘liq so‘ndirilmagan, shuningdek, avval ajratilgan kreditlardan maqsadsiz foydalangan qarz oluvchilarga ushbu dasturlar orqali yangi kredit ajratilishiga ruxsat etilmaydi.

Vakolatli banklarga dastur koordinatorlarining taqsimotiga muvofiq 3,65 trln so‘m miqdordagi kredit resurslari 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga ajratiladi.

Mazkur qarorga asosan har bir hududda chorvachilik uchun ajratiladigan kreditlarga mutanosib ravishda chorva mollari uchun ozuqabop ekinlar ekishga mo‘ljallangan yer maydonlarining, shuningdek, ularni o‘tlatishga mo‘ljallangan yaylovlar muntazam ravishda ochiq elektron tanlovga chiqarib boriladi.