Xalq ta’lim vazirligi 20 dekabrdagi umumta’lim maktablarida yangi yil bayramini nishonlash to‘g‘risidagi xabarnomaga qo‘shimcha izoh berdi.

Eslatib o‘tamiz, vazirlik avvaliga «umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida ta’lim muassasalari hududida yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish mumkin emas» deb chiqqan edi.

Qolaversa, istisno tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sinf rahbari hamda ota-onalar ishtirokida karantin qoidalariga rioya etgan holda, o‘z sinf xonalarida, dars mashg‘ulotlariga xalaqit bermagan holda bayram tadbirlarini o‘tkazish hamda maktab hovlisida yangi yil archasini bezatishga ruxsat berilgandi.

XTVning qo‘shimcha izohida maktablarga yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish bilan bog‘liq xat noto‘g‘ri talqin qilingani aytilmoqda.

«Umumta’lim maktablari hududida yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar mavjud emasligini bildiramiz. Shu bilan birga maktablarda pul yig‘imlari hamda ota-onalarning e’tirozlarini oldini olish maqsadida restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish shahobchalarida maktab o‘quvchilariga yangi yil bayramini o‘tkazish tavsiya etilmaydi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining turli xil korporativ bayram va ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq taqiqlar vazirlik, idora va boshqa davlat tashkilotlariga tatbiq etilganligi qo‘shimcha qilindi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Respublika maxsus komissiyasi aholi salomatligini ta’minlash hamda mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlash maqsadida fuqarolarga yangi 2022 yil bayrami tadbirlarini imkon qadar oila davrasida o‘tkazish tavsiya etilgandi.