Ijtimoiy tarmoqlarda 20 dekabr kuni Namangan shahri ko‘chalarini suv bosgani aks etgan videolar tarqaldi. Bu videolarda «Lola» bozori va Namangan davlat universiteti oldini suv bosganini ko‘rish mumkinligi aytilmoqda.

O‘zgidromet meteorologi Erkin Abdulahatovning ma’lum qilishicha, 20 dekabrga o‘tar kechasi Toshkent viloyatining tog‘ va tog‘ oldi hududlarida ko‘p miqdorda yog‘ingarchilik (yomg‘ir-qor) kuzatildi. Ayrim kuzatuv hududlarida 20 mm gacha yog‘ingarchilik qayd etilgan.

«20 dekabrga o‘tar kechasi esa nam havo oqimlari sharqqa tomon siljib, Namangan viloyatiga yaxshigina yog‘ingarchilik keltirgan. Masalan, Namangan shahrida 10 mm oraliqda yog‘ib o‘tgan yomg‘ir shaharning ayrim ko‘chalarida suv bosish holatlarini keltirib chiqardi», — dedi meteorolog.

Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 21 dekabr kuni bir qator hududlarda shamol 17−22 m/s gacha, ayrim joylarda esa 25−28 m/c gacha kuchayishi mumkin. 21−22 dekabrda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Hafta davomida mamlakat bo‘ylab ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Cho‘l hududlarda esa chang bo‘roni kuzatilishi mumkin.