Yangi yil arafasida o‘zbekistonliklar 5 kun dam oladi

Prezident farmoni bilan 2022 yilda qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi. Unga ko‘ra, ish haftasidan qat’iy nazar barcha xodimlar Yangi yil bayrami munosabati bilan 5 kun dam oladi.

21 dekabr kuni kuchli shamol va chang bo‘roni bo‘lishi kutilmoqda

21 dekabr kuni bir qator hududlarda shamol 17−22 m/s gacha, ayrim joylarda esa 25−28 m/c gacha kuchayishi mumkin. 21−22 dekabrda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Hafta davomida mamlakat bo‘ylab ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Cho‘l hududlarda esa chang bo‘roni kuzatilishi mumkin.

Jahongir Ortiqxo‘jayev va Ruslanbek Davletov — ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi haqida

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning fikricha, O‘zbekistonda TikTok faoliyatini tarmoqda «keraksiz kontentni» ko‘rganlarning o‘zi cheklagan. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov esa axborot almashinuvi erkinligi tarafdori ekanligini ma’lum qildi. «Hozirgi asrda axborotni hech qachon cheklab, siz uni ustiga o‘tirib, jilovlay olmaysiz» — dedi u.

2025 yilda barcha maktablar to‘liq milliy o‘quv dasturiga o‘tadi

Respublika ta’lim markazi mutaxassislari yangi milliy o‘quv dasturi uchun darsliklar tayyorlash jarayoni qanday ketayotgani haqida so‘zlab berishdi. Cambridge`ning AKT bo‘yicha darsliklari mahalliylashtirildi, tabiiy va aniq fanlar bo‘yicha fransuz va nemis tili darsliklarini mahalliylashtirish reja qilingan. Milliy mualliflarning yangi darsliklarida tanqidiy va ijodiy fikrlashni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda, biroq, mualliflar maktabi hali shakllanmagan.

UzAuto Motors fevralgacha to‘rtta mashina bo‘yicha ariza qabul qilishni to‘xtatdi

UzAuto Motors 1 fevralgacha Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilishni to‘xtatdi. Kompaniya bu vaqt ichida avvalgi buyurtmalar yetkazib berilishini ma’lum qilib, xaridorlardan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Namanganda kuchli yog‘ingarchilik oqibatida ko‘chalarni suv bosdi

Ijtimoiy tarmoqlarda 20 dekabr kuni Namangan ko‘chalari, xususan «Lola» bozori va NamDU oldini suv bosgani aks etgan videolar tarqaldi.

Sherzod Shermatov O‘zbekistonda PayPal tizimi joriy etilishi yuzasidan o‘zgarishlar bo‘lishiga umid bildirdi

AKT vaziri Sherzod Shermatov «Toshkent yoshlar forumi — 2021» doirasida O‘zbekistonda PayPal elektron to‘lov tizimining faoliyat yuritmasligi masalasida berilgan savolga javob berar ekan, bu borada o‘zgarishlar bo‘lishiga umid bildirdi.

«Malika» savdo majmuasi hali sotilmagan — Moliya vazirligi

Moliya vazirligi «Malika» bozori 125 mlrd so‘mga sotilgani haqida xabarlarni rad etdi. Tarqatilgan ma’lumotlarda sotilgan va sotilishi rejalashtirilgan obyektlar bitta jadvalda ketib qolgani, ammo «Malika» savdo majmuasi hali sotilmagani ma’lum qilindi.

Maktablarda yangi yilni nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar mavjud emas — XTV

Xalq ta’limi vazirligi maktablarda yangi yil bayramini nishonlashni cheklash to‘g‘risidagi o‘zining avvalgi xabarini rad etib chiqdi. Vazirlikning yangi bayonotiga muvofiq, maktab o‘quvchilarining ota-onalaridan pul yig‘ishning oldini olish maqsadida restoran va kafelarda yangi yil bayramini o‘tkazish tavsiya etilmaydi.

Toshkentda qariyb 5 ming yevrolik soxta tangalar muomalaga kiritilgani aniqlandi

Poytaxtning Mirobod tumanida 4940 yevro miqdoridagi 2470 dona 2 yevrolik tanga bank orqali almashtirilgani, bank xodimlari esa ularni tekshirmasdan qabul qilib olgani aniqlandi. Qashqadaryoda esa 2 bosh qo‘y evaziga berilgan pullarning 20 donasi soxta 100 minglik kupyura ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Jizzaxlik deputatlar viloyat hokimi murojaatnomasida savol bermasligi haqida ogohlantirilgani aytilmoqda

Jizzaxlik deputatlar viloyat hokimi Ergash Soliyevning murojaatnomasida savol bermasligi, qolaversa, telefon bilan kiritilmasligi haqida ogohlantirilgani aytilmoqda. Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ushbu tashabbus kengash kotibiyati mudiri tashabbusi ekanligini ma’lum qildi. Jizzax viloyati hokimiyati munosabat bildirdi.

Toshkentda avtobus yonib ketdi

Uchtepa tumanida 125 yo‘nalishda harakatlanayotgan «Mercedes-Benz» avtobusi yonib ketdi. FVV yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga 6 daqiqada yetib borgani va olov 4 daqiqada o‘chirilganini ma’lum qildi.

Uzbekistan Airways talabalarga 50% chegirma taqdim etadi

Uzbekistan Airways kompaniyasi talabalarga 28 dekabrdan 10 yanvargacha ichki aviaqatnovlar uchun 50% chegirma taqdim etadi.

O‘zbekistondagi eng baland Yangi yil archasi «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga o‘rnatildi

O‘zbekistonning eng baland sanalgan bosh Yangi yil archasi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘rnatildi. Ushbu bog‘ga tashrif buyuruvchilar uchun 20 dekabrdan 10 yanvargacha «Do‘stlik metrosi — Yangi O‘zbekiston bog‘i» yo‘nalishida maxsus bepul avtobuslar ishga tushirildi.