Davlat statistika qo‘mitasi Orginfo.uz sayti asoschisi ustidan ariza topshirgani haqidagi xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

Bayonotda qayd etilishicha, yagona Davlat registri ma’lumotlar bazasida korxona va tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida har kuni yangilanib boriladi.

«Davlat statistika qo‘mitasining https://orginfo.uz veb-sayti va shu kabi boshqa elektron platformalarning yopilishi tarfdori emas. Qo‘mita mazkur holatda orginfo.uz veb-saytiga Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlariga to‘g‘ri kelmaydigan axborotlarda qo‘mita nomining manba sifatida keltirilishiga e’tiroz bildirgan xolos», — deyiladi bayonotda.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, bir manbaga ega bo‘lgan ikki xil ma’lumot foydalanuvchilarni chalg‘itishi, statistik ma’lumotlarning ishonchsizligiga olib keladi.

Davlat organi mutaxassislari 7−8 oy oldin Orginfo.uz saytiga aynan noto‘g‘ri ma’lumotlarga Davlat statistika qo‘mitasi nomini manba sifatida ko‘rsatmasligi bo‘yicha elektron pochta orqali murojaatlar qilishgan. Biroq, qo‘mitaning qayd etishicha, bu murojaatlarga javob berilmagan. Saytda aloqa uchun telefon raqami ko‘rsatilmagan. Qo‘mitaning murojatlariga qaramay, noto‘g‘ri ma’lumotlarga qo‘mita nomini manba sifatida keltirish holatlari davom etgan. Shuni inobatga olgan holda, qo‘mita Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga murojaat qilgan.

«Kechagi holatdan keyin Orginfo.uz veb-saytida ma’lumotlarning ostida: „Saytda berilgan barcha ma’lumotlar norasmiy. Rasmiy ma’lumotlarni tegishli davlat tashkilotlari saytlaridan olishingiz mumkin“, deb yozib qo‘yila boshladi. Davlat statistika qo‘mitasi nomi orginfo.uz veb-sayti ma’lumotlaridan manba sifatida olib tashlandi. Bu uchun orginfo.uz veb-saytiga alohida minnatdorlik bildiramiz», — deya ma’lum qildi qo‘mita.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat statistika qo‘mitasi kompaniya va tovar belgilari bo‘yicha ochiq ma’lumotlarni joylashtirgan Orginfo.uz xizmati asoschisi, dasturchi Boburmirzo Hamroqulov ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bergani haqida xabar qilingan edi. Qo‘mita talabiga binoan dasturchiga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Davlat organining saytidan farqli ravishda, ushbu sayt kompaniyalarni nomi bo‘yicha qidirish, affillangan shaxslar va boshqa ma’lumotlarni ko‘rish imkonini beradi.