O‘zbekistonda yashovchi Afg‘oniston fuqarolari o‘z vatanlariga majburan qaytarilmaydi. Bu haqda 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ma’lum qildi.

«O‘zbekiston hududida yashovchi Afg‘oniston fuqarolarini majburan, kuch bilan o‘z vataniga qaytarish niyatimiz yo‘q», — dedi u.

Maxsus vakil Termizda afg‘on qochqinlarining ommaviy istiqomat qilayotgani haqidagi ma’lumotni noto‘g‘ri deb aytdi.

«Bunday qochqinlar Termizda ko‘p yashamaydi, ular uchun lagerlar ham yaratilmagan… Fojiali kunlarda, ya’ni 14−15 avgust kunlari Termizga 150 ga yaqin afg‘on qochqinlari Amudaryo orqali o‘tgan edi. Ma’lumki, ba’zi afg‘onlar AQSh va Yevropa davlatlari ko‘magida qochqin maqomida boshqa davlatlarga o‘tib ketishgan», — deya ta’kidladi u.

Unga ko‘ra, avgust oyida O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgan 150 nafar qochqinning moliyaviy imkoniyatlari juda past, ularning oilalari Afg‘onistonda qolgan.

«Men ular bilan gaplashganimda, ular: „Agar „Tolibon“ hukumati bizning xavfsizligimizni ta’minlasa, yangi hukumat bilan kelishuvga erishsangiz, bizga tazyiq o‘tkazmasa, bizni o‘ldirmasa, hibsga olmasa vatanimizga qaytishni xohlaymiz. Bizda Amerikaga yoki Yevropa davlatlariga uchish uchun moliyaviy imkoniyatlar yo‘q. Biz uyda qolgan bolalarimzdan voz kecholmaymiz. Biz vatanimizga qaytishga tayyormiz,“ — deyishdi», — dedi Ismatulla Irgashev.

Prezidentning maxsus vakili Afg‘oniston hukumati rahbarlari bilan vataniga qaytadigan qochqinlarning xayoti kafolatlanishi bo‘yicha shaxsan gaplashganini bildirdi.

«Ular kafolat berdiki, „Biz ularga tegmaymiz, agar ular o‘z xalqiga, vataniga xizmat qilishga tayyor bo‘lsa, biz ularni afv qilamiz“. Ular qochqinlarga umumiy amnistiya e’lon qilishdi, shundan kelib chiqib qaytishlari mumkin. Ular orasida harbiylar ham ko‘p edi. Avvaliga ularda ishonch yo‘q edi, biz ularni kichik guruhlarga bo‘lib yubordik. Men buni shaxsan o‘zim nazoratim ostiga oldim. Afg‘onistonga qaytganlarning hech biri o‘ldirilmagan yoki qamoqqa olinmagan», — dedi u.

Shuningdek, Ismatulla Irgashev BMT, YUNISEF, Yevropa hamjamiyati bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turli shaharlarida istiqomat qilayotgan Afg‘oniston fuqarolari bilan hamkorlikda ish olib borilayotganini aytdi.

«Xalqaro institutlar ularning ba’zilariga qochqin maqomida uchinchi davlatlarga ko‘chib o‘tishda yordam beradi. Bu yerda yashash va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganlarning bir qismi qoladi. Viza masalasi hal qilinadi. Shu bilan birga, viza muddati o‘tgan shaxslar mamlakatdan majburan chiqarib yuborilmaydi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 18 avgust kuni «Gazeta.uz» O‘zbekiston hukumati Surxondaryoda chodirlar shaharchasini tashkil etgani, u yerda Afg‘onistondan kelgan 100 dan ortiq qochqinlar joylashtirilgani haqida yozgan edi.

20 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonning 150 nafar fuqarosi o‘zi xohishi bilan vataniga qaytarilganini ma’lum qildi. O‘zbekiston «Tolibon» rahbariyati vakillari bilan «ushbu toifadagi shaxslarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va ta’qiblarning oldini olish» bo‘yicha kelishib olgani qayd etildi.

Yaqinda BMT afg‘on xavfsizlik kuchlari sobiq a’zolarining qatl etilishi, jurnalistlarning ta’qib qilinishi, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlaridan xavotirda ekanini bildirdi. Ayollar huquqlarini ta’minlash to‘g‘risidagi farmonga qaramay, ularning aksariyati ishlash huquqi yoki imkoniyatiga ega emas, ayol pedagoglar yetishmasligi sababli qizlar o‘qiy olmayapti, deya qayt etdi BMT.