Senator Tolibjon Madumarov Toshkentdagi «Qo‘yliq» bozori ko‘chirilishi bo‘yicha shov-shuvlar o‘sha yerdagi bozorchilarning asossiz tashviqoti ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda 17 dekabr kuni AOKA majlislar zalida Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

«Vaziyatni joyida o‘rganganimizda ham, Toshkent shahar hokimining 'Qo‘yliq'ni ko‘chirish haqidagi qarori hali chiqqani yo‘q. Bu o‘sha yerdagi bozorchilarning tashviqoti bo‘ldi. Ular o‘zlarining ichki muammolarini hal qilish uchun [masalani] o‘zlari o‘rganishlarini aytishdi. Bektemir tumani hokimligi bilan kelishilgandan keyin, qaror qildikki, biz oxirigacha yetganimizdan (vaziyatni chuqur o‘rganamiz — tahr.) keyin aytamiz. Lekin xalqqa ochiqchasiga aytish kerakki, bozorni ko‘chishi haqida hali hech narsa yo‘q, shuning uchun vahimaga tushmanglar», — dedi senator.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Toshkent shahridagi «Qo‘yliq» dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydonlarini boshqa joyga ko‘chirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Bu mazkur hududdagi avtomobil yo‘lining kengaytirilishi bilan bog‘liq ekani aytildi.

Shuningdek, «Qo‘yliq» bozorini ko‘chirish va Toshkent viloyatida yangi savdo majmuasini qurish to‘g‘risidagi qaror 2017 yildayoq qabul qilingani bo‘yicha xabar bergandi. «Gazeta.uz» o‘rganib chiqqan Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi buyrug‘ida «Bektemir Nur agro» va «Tursunov Ulug‘bek agro» fermer xo‘jaliklariga qarashli bo‘lgan 55 gektar maydonni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash korxonasi, dehqon (oziq-ovqat) bozori, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji savdosi majmuasi, yirik savdo majmuasi (gipermarket), shuningdek, avtomobil to‘xtash joyi va avtobus bekati qurilishi uchun ajratish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga «Qo‘yliq» dehqon bozori direktori o‘rinbosari Qodirjon Normirzayev bozor buzilishi yoki ko‘chishi haqida xat yoki og‘zaki topshiriq berilmaganini, shu bois u buzilmasligini ma’lum qildi. Biroq sotuvchilar va ishchilar Food City`ga ko‘chish, aks holda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirish xatlarini olgan. Ma’muriyat esa bundan xabari yo‘qligini aytgan.