Agar bugungi o‘quvchi sizdan kelajakda o‘qituvchilarning daromadini qanday oshirish mumkinligi haqida so‘rasa, javobi oddiy — buning uchun iqtisodiyot o‘sishi kerak. Kelajakda iqtisodiyot o‘sishi uchun nima qilish kerak, degan savolga ham javob tayyor — bu bugungi investitsiya darajasiga bog‘liq.

Biz kabi rivojlanayotgan davlat uchun aholi daromadlarining o‘sishi deyarli tamoman iqtisodiy o‘sishga bog‘liq, o‘z navbatida iqtisodiy o‘sish — bu shunchaki xususiy investitsiyalarning ortda qolgan ko‘rsatkichidir. Xo‘sh, bizda investitsiyalar bilan ishlash qanday yo‘lga qo‘yilgan? Taassufki, javob hafsalangizni pir qiladi.

Bozor investorlar uchun ochilganiga qaramay, tashqi va ichki investitsiyalar darajasi hali ham juda past. Masalan, aholi jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi xususida gap ketsa, 2019 yilda — tariximizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar uchun eng yaxshi hisoblangan yilda — biz nafaqat Ozarbayjon, Qozog‘iston yoki Mo‘g‘uliston, balki harbiy harakatlar xavfi yuqori bo‘lgan Gruziya yoki Ukraina kabi davlatlardan ham ortda qoldik.

Ichki jamg‘armalar haqida ham xuddi shunday mulohazani keltirish mumkin — jamg‘armaga ega bo‘lgan mamlakat fuqarolari ham, ma’lum bo‘lishicha, ularni mamlakatda o‘z investitsiyalariga aylantirishga shoshilmaydilar.

Iqtisodiy rivojlanish vazirligining yaqinda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, markazlashtirilgan investitsiyalar, masalan, davlat qarzi yoki davlat korxonalarining kafolatlangan qarzlari uchun zaxiralar tugash arafasida. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy investitsiyalar yoki boshqa investitsiya resurslari hajmi sezilarli darajada oshmasa, iqtisodiy o‘sishning hozirgi unchalik yuqori bo‘lmagan sur’atlarini ta’minlash ham imkonsiz bo‘lib qoladi. Ya’ni, mo‘jiza ro‘y berib, birdan mamlakatga chet el investitsiyalari yog‘ilmasa, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishini kutish mumkin.

Bundan kelib chiqadiki, kelgusida aholi daromadlari oshadi, deyish uchun bizda asos yo‘q. Bundan tashqari, daromadlarning o‘sish sur’ati tushishi xavfi mavjud. Bu, albatta, yomon xabar.

Yuqoridagi «Kelajakda daromadlar oshadimi?» degan dolzarb savolga javoban, o‘sish sur’ati pasayadi, deyish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, daromadlar oshishi va rivojlanish uchun shunchaki iqtisodiy resurslar zarur, bizda esa ularni jalb qilish bilan bog‘liq muammolar mavjud.

«Nega bizga investitsiyalar kirib kelmayapti?» degan tabiiy savol tug‘iladi. Qachonki biror joyda talab yuqori bo‘lsa, u narxlar ko‘tarilishi va shunga mos ravishda ushbu bozorda taklifning oshishiga ham sabab bo‘ladi. Misol uchun, agar ma’lum bir bozorda mandaringa talab katta bo‘lsa, bu ularning narxini oshiradi, mandarin yetkazib beruvchilar ushbu bozorga mandarin olib kirishni boshlaydilar va shu bilan taklifni oshiradilar.

Bu qisman bizda ham amal qiladi: pul resurslariga bo‘lgan talabning yuqoriligi O‘zbekistonda pulning narxini haqiqatda oshiradi, lekin negadir pulning yuqori bahosi bozorda pul taklifini oshirish uchun yetarli sabab deb hisoblanmaydi.

Bu savolning javobi ham juda oddiy — xatarlar darajasi taklifni oshirishga imkon bermaydi. Shuning uchun pul narxining oshishi pul yetkazib beruvchilar — investorlar uchun yetarli shart-sharoit hisoblanmaydi.

Mandarin to‘g‘risidagi hikoyani davom ettiradigan bo‘lsak, deylik, mandarinlarni o‘sha bozorda sotgan sotuvchilarning daromadlarini yo‘l-yo‘lakay ko‘cha bezorilari o‘g‘irlashi ehtimoli bor. Bunday vaziyatda, yo‘lda talon-taroj qilish ehtimoli yetarlicha yuqori bo‘lsa, bozorda mandarinlarning juda yuqori narxi ham ushbu mandarinlarni yetkazib beruvchilar uchun yetarli rag‘bat bo‘lmasligi mumkin, chunki kutilayotgan foyda kutilayotgan yo‘qotishdan kamroq bo‘ladi.

Oxir-oqibat, bunday bozorda kam miqdordagi mandarinlar juda qimmat narxda sotiladi — yetkazib beruvchilar duch kelgan xatarlarni qoplash uchun. Nazarimda, bu holat mamlakatdagi pul bozorining hozirgi holatini yaxshi tavsiflaydi.

Endi O‘zbekistonda biznes yuritishning xavf-xatarlari nima uchun yuqori, degan savolga to‘xtalamiz. Joriy yilning oktabr oyida World Justice Project (WJP) 2021 yil uchun «Qonun ustuvorligi» indeksini e’lon qildi, umumiy ro‘yxatda O‘zbekiston 139 davlat va yurisdiksiya orasida 85-o‘rinni band etdi.

Qonun ustuvorligini baholashning eng muhim mezonlari bo‘yicha biz reytingning so‘nggi o‘rinlarida qolmoqdamiz. Masalan, xususiy mulkni himoya qilish, aynan davlat tomonidan xususiy mulkni o‘zlashtirish va adolatli kompensatsiya qilish bo‘yicha biz 139 davlat va hudud orasida 138-o‘rindamiz. Oxiridan bitta oldingi o‘rinni 2016 yildan buyon egallab turibmiz, 2015 yilda oxirgi o‘rinda edik.

Biz uchun bu reytingdagi eng yaxshi yil 2017−2018 yillar bo‘ldi, o‘shanda biz Zimbabve, Kambodja va Venesuelani ortda qoldirgan edik. Ammo 2021 yilga kelib, Zimbabve va Kambodja bizdan oldinga o‘tib oldi va xususiy mulkning davlat musodarasidan himoyasi biznikidan yomonroq bo‘lgan reytingdagi yagona davlat Venesuela bo‘lib qolmoqda.

Xususiy mulk davlat tomonidan olib qo‘yilish xavfidan himoyalanganligi darajasining bunday baholanishi nafaqat o‘tmishga nazar tashlaganimizda, balki kelajak uchun prognoz qilayotganimizda ham bizni ogohlikka chaqirishi lozim. Xususiy mulkni himoya qilish muammolarining ushbu ko‘rsatkichlari, ehtimol, uzoq muddatli davrda daromadlarimiz nima uchun o‘smayotganligining eng yaxshi izohidir.

Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiy o‘sish va mamlakatdagi qashshoqlik muammosi bilan chambarchas bog‘liq. Boshqacha aytganda, xususiy mulkni himoya qilishning hozirgi darajasida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining oshishini kutish xomxayoldan boshqa narsa emas.

Albatta, barcha reytinglar yetarlicha subyektiv va, ehtimol, ushbu reytingda o‘z pozitsiyamizni yaxshilashimizga yordam berishi mumkin bo‘lgan ba’zi kosmetik usullar mavjud. Shunday ekan, o‘z muammolarimizda reytingni ayblash adolatdan emas. Xorijiy investorlar balki bu reytinglarni ko‘rib chiqarlar, balki yo‘q. Biroq hatto hech qanday reytinglarsiz ham mahalliy va xorijiy investorlar xususiy mulkni davlatdan himoya qilish muammosi borligini juda yaxshi anglaydi.

Nega ular yaxshi anglaydi, deyapman? Bu ularning xatti-harakatlarida namoyon bo‘lmoqda. Chunki aholi va xorijiy investorlar mamlakatga mutlaqo investitsiya kiritmayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu, ehtimol, odamlar xususiy mulkni himoya qilish muammosini qanchalik yaxshi anglayotganining eng yaxshi ko‘rsatkichidir. O‘zbekistonliklar jamg‘arish vositasi sifatida kvartira yoki mashina kabi likvid bo‘lmagan obyektlardan foydalanishga majbur. Shuning uchun bu masala reyting yoki O‘zbekistonning undagi nisbiy o‘rniga bog‘liq emas.

Davlat shaxsning xususiy mulkini osongina tortib olishi mumkinligi ko‘pchilik o‘zbekistonliklar uchun sir emas. Buning uchun yangiliklarni ochish va davlatning xususiy mulkni tortib olayotgani va tortib olganligi, uy-joy va tijorat binolarini buzib tashlayotgani to‘g‘risidagi qanchadan-qancha misollarni o‘qish kifoya.

Birgina joriy yilning o‘zida ommaviy axborot vositalarida shu mazmundagi o‘nlab xabarlar tarqaldi. Bugun ham navbatdagi obektlarning buzilishi atrofidagi voqealar qizg‘in muhokama qilinmoqda. Qolaversa, ommaviy axborot vositalarida yoritilmagan bu kabi holatlarning soni to‘g‘risida umuman ma’lumotga ega emasmiz.

Oxir-oqibat, bu investorlarning — u xoh tashqi, xoh mahalliy bo‘lsin — xususiy mulkni davlatdan himoya qilish muammosi bilan bog‘liq vaziyatdan hech qanday reytinglarsiz ham ochiq-oydin xabardor bo‘lishiga olib keladi.

Aynan shu muammo — xususiy mulkning himoyalanmaganligi kelajakda ham iqtisodiy o‘sish sur’atlari va shunga mos ravishda aholi daromadlari ham yuqori bo‘lmasligining sabablaridan biridir.

Iqtisodiy taraqqiyot vaziriligining hisobotida aytilishicha, iqtisodiy o‘sish va kambag‘allikni kamaytirish uchun asosiy qadam — xususiy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun institutsional asos yaratishdan iborat. Albatta, xususiy mulkni himoya qilish ana shunday eng asosiy institutlardan biridir. Ana endi o‘quvchining o‘qituvchilarning maoshini qanday oshirish mumkinligi haqidagi savoliga yetarlicha to‘g‘ri va qisqacha javob berishingiz mumkin: xususiy mulkni himoya qilish orqali.

Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.