Xitoyning «Sanchjou Mayti Layons» klubi yarim himoyachisi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida eng ko‘p sardorlik qilgan Odil Ahmedov futboldagi karerasini yakunladi, deb xabar berdi O‘FA matbuot xizmati.

18 dekabr kuni Odil Ahmedov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbirda «Orzuning shonli yo‘li» nomli kitob taqdimoti ham o‘tkazildi.

Tadbirda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov uning O‘zbekiston futboliga qo‘shgan hissasi haqida gapirib, Ahmedovning faoliyati yoshlar uchun na’muna ekanini ta’kidladi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati.

Tadbirda Odil Ahmedov so‘zga chiqib, muxlislar oldida «butsini mixga ilishini» aytdi.

«Yaqinda O‘zbekiston terma jamoasidagi faoliyatimni yakunlaganimni ma’lum qilgan edim. Bugun o‘zim uchun yana bir qiyin qarorni qabul qildim. Bugun sizlarning ko‘z oldilaringizda butsilarimni mixga ilib, futbolchilik faoliyatimni tugatganimni e’lon qilaman. Bu juda ham og‘ir qaror. Men uchun futbol o‘ynash — maydonda borini berish degani. Bu qarorimni to‘g‘ri deb qabul qilaman. Men bilan ishlagan barchaga rahmat», — dedi u.

Odil Ahmedov hayoti va faoliyati haqidagi «Orzuning shonli yo‘li» nomli kitob 151 betdan iborat bo‘lib, hozircha 2000 tirajda chop etilgan. Kitob Bahtiyor Abdug‘afur muallifligida yozilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Odil Ahmedov 1987 yilning 25 noyabr kuni Namangan shahrida tug‘ilgan. 2000 yillarning boshida U «Navbahor» va Toshkentning «Lokomotiv» futbol klublari akademiyasida tahsil olgan. Keyinroq U Toshkentning «Paxtakor» klubi o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynashni boshlagan.

Ahmedovning milliy jamoadagi debyuti 2007 yilda bo‘lgandi. O‘shandan beri 108 ta o‘yin o‘tkazgan va 21 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Uning hisobida 1 ta qizil va 8 ta sariq kartochka ham mavjud.

Shu vaqtgacha 4 ta Jahon chempionati saralashida qatnashgan. 3 bor Osiyo kubogida ishtirok etgan va «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Foto: O‘FA.

2018 yilda Odil «Shanxay SIPG» bilan birga Xitoy Superligasi chempioniga aylangandi.

2020 yil yozida Ahmedov Xitoyning boshqa bir klubida qisqa muddat to‘p surgandi, Undan so‘ng, joriy yilning boshida «Sanchjou Mayti Layons» bilan shartnoma tuzib, jarohatlar tufayli klub safida maydonga tushmagandi.

Qishda Odil Ahmedov «Futbol» TV telekanalidagi «Offside» ko‘rsatuvida mehmon bo‘lgan va ana shu vaqtda 2022 yilda bo‘lishi kutilayotgan yangilik haqida gapirgandi.

«Hozir juda ko‘p narsalar haqida o‘ylayyapman. 2022 yilda yangilik bo‘lib qolishi mumkin. Balki keyingi yili futbol o‘ynamasman. Shunday rejalarim ham yo‘q emas», — degandi u.

Foto: O‘FA.

U shuningdek, faoliyatini yakunlash bo‘yicha hamma narsani hisob-kitob qilishi lozimligini aytgandi.

«Misol uchun, hozir O‘zbekiston chempionatidagi har qanday klubda o‘ynashga kuchim va iqtidorim yetadi. Biroq o‘ylab qarasak, kimga qarshi, qaysi futbolchilar bilan o‘ynayman, degan savol turipdi. Shu tomoni ko‘proq muhim. Men xorijda 10 yil davomida professional futbolchilar, murabbiylar va ishchilar bilan ishladim. Ularni solishtirganda farq katta», — degan edi terma jamoaning sobiq sardori.

Odil Ahmedovning 2021 yil 15 iyun. kuni O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni uchrashuvi oldidan kiyinish xonasida aytgan so‘zlari ham e’lon qilindi.

Video