Aksariyat mutaxassislar 2022 yilda jahon iqtisodiyotining narxlar pasayishi fonida qayta tiklanishi hamda favqulodda pul-kredit siyosatidan voz kechilishini prognoz qilmoqda. Biroq bunga halal berishi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan bir qator omillar mavjud, deya yozmoqda Bloomberg.

Agentlik talqiniga ko‘ra, 2022 yilda iqtisodiy o‘sish uchun eng yirik xavf-xatarlar — bu omikron, keskin inflyatsiya, AQSh Federal rezerv banki (FRB) asosiy stavkalarining o‘sishi, Xitoyning tanazzul yoqasidagi gigant kompaniyasi Evergrande, Tayvan, rivojlanayotgan bozorlar inqirozi, Brexit muzokaralari, yevrozona inqirozi, Yaqin Sharqdagi oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi bo‘lishi mumkin.

Boshqa tarafdan, ayrim hollarda vaziyat kutilganidan yaxshiroq tarafga o‘nglanishi ham ehtimoldan holi emasligi aytilgan. Xususan, hukumatlar fiskal instrumentlar yordamida iqtisodiyotni rag‘batlantirish siyosatini davom ettirishlari, Xitoyning so‘nggi besh yillik rejasi mamlakatga investitsiya oqimini kuchaytirishi, pandemiya davrida jamg‘arilib qolgan mablag‘lar ma’lum ehtimollik bilan global talabning o‘sishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Omikron va qat’iy karantin cheklovlarining qayta kuchga kirishi

Qayd etilishicha, JSST hozircha Omikron shtammini nisbatan yengil variant, deb baholamoqda. Avvalgi shtammlarga qaraganda yuqumliroq bo‘lishiga qaramay, uning o‘limga olib kelish xavfi nisbatan past. Bu dunyoning pandemiyadan oldingi normal holatga qaytishiga yordam beradi, xususan xizmatlar iste’molining oshishiga va natijada, tovarlar va xizmatlar bozori o‘rtasida talabning muvozanatlashishiga xizmat qilishi mumkinligi aytilmoqda. Bloomberg prognoziga ko‘ra, bu global o‘sishni 5,1 foizgacha oshirishi mumkin.

Biroq «yuqumli va halokatli variant» iqtisodiyotning qayta tiklanishiga keskin ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agentlik tahlillariga ko‘ra, 2021 yildagi eng qat’iy cheklovlarga uch oylik qaytish ham 2022 yilgi iqtisodiy o‘sishni 4,2 foizgacha sekinlashtirishi kutilmoqda.

Bunday vaziyatda talab sustlashishi va dunyo miqyosida taklif bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolishi mumkinligi aytilgan. Shuningdek, ishchilar mehnat bozorlarini tark etadilar va cheklovlar logistika bilan bog‘liq muammolarni ham yuzaga keltiradi.

Inflyatsiya

Kelgusi yilda inflyatsiyaning keskin o‘sishi iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xususan 2021 yilda AQShning o‘zida inflyatsiya yil boshidagi 2 foizlik prognozdan farqli qariyb 7 foizgacha ko‘tarildi.

Ma’lum qilinishicha, omikron faqatgina potensial sabab xolos. AQShda ish haqi o‘sish sur’atlari allaqachon tezlashgan va ular yana oshib ketishi mumkin. Shuningdek, gaz narxining keskin oshishi, iqlim o‘zgarishi fonida oziq-ovqat narxlari o‘sishda davom etishi, harakatlanish cheklovlari natijasida yoqilg‘i narxlarining qulashi ham regulyatorlar uchun mushkul vazifalarni kun tartibiga olib chiqishi mumkin.

AQSh monetar siyosati

Qayd etilishicha, AQSh Federal rezerv banki (FRB) inflyatsiyaga qarshi chora sifatida asosiy stavkani oshirishi kutilmoqda. Bunga inflyatsiya bilan bir qatorda fond bozoridagi spekulyatsiya va uy-joy narxlarining oshib borayotganligi ham turtki bo‘lishi mumkin.

Bloomberg modeliga ko‘ra, agar AQSh regulyatori 2022 yilda asosiy stavkani 2,5 foizga yetguncha oshirib borsa, bu 2023 yil boshiga kelib retsessiyani (iqtisodiy turg‘unlik) yuzaga keltirishini kutish mumkin.

«Fedning asosiy stavkani oshirishi rivojlanayotgan bozorlar uchun halokatli qulash bilan tugashi mumkin. AQShning yuqori stavkalari odatda dollar kursini oshiradi va rivojlanayotgan mamlakatlarda kapitalning chiqib ketishini va ba’zan valyuta inqirozlarini keltirib chiqaradi. 2013 va 2018 yillarda Argentina, Janubiy Afrika va Turkiya eng ko‘p zarar ko‘rgan», — deyiladi xabarda.

2022 yilda esa ular qatoriga Braziliya va Misr qo‘shilishi mumkin. Kichik qarz va kuchli joriy hisob balansiga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni, Rossiya va Tayvan kapital chiqib ketishidan eng kam zarar ko‘rishi kutilayotganligi aytilmoqda.

Xitoy bilan bog‘liq vaziyat

Xabarda aytilishicha, uchinchi chorakda bir qator omillar sabab Xitoy iqtisodiyoti bir vaqtning o‘zida bir nechta sohalarda to‘xtalishlarga duch keldi. Evergrande kompaniyasining yig‘ilib qolgan qarz yuki, karantin cheklovlarining qayta kuchga kirishi va energiya tanqisligi yillik mamlakat iqtisodiy o‘sishini odatdagi 6 foizdan 0,8 foizgacha tushishiga olib keldi.

Spot nashriga ko‘ra, Evergrande mamlakatdagi eng yirik developer kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya Xitoy YAIMning to‘rtdan bir qismini tashkil etuvchi qurilish sohasining kutilayotgan inqirozi timsoli bo‘lib qolgan.

«2022 yilda energiya tanqisligi yengillashishi kutilayotgan bir paytda qolgan ikkita muammo bilan bunday bo‘lmasligi mumkin. Pekinning nol-Kovid strategiyasi omikron bilan bog‘liq karantin cheklovlarini anglatishi kutilmoqda. Talabning sustlashishi va moliyalashtirish cheklanganligi sababli, Xitoy iqtisodiyotining qariyb 25 foizini boshqaradigan ko‘chmas mulk qurilishi qulashda davom etishi mumkin», — deya qayd etmoqda Bloomberg.

Agentlik 2022 yilda Xitoy iqtisodiyotining 5,7 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Biroq uning 3 foizgacha sekinlashishi butun dunyo bo‘ylab to‘lqinlarni keltirib chiqaradi.

Fiskal siyosat, oziq-ovqat narxlari va boshqa siyosiy omillar

Pandemiya sharoitida hukumatlar iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, talab va taklifni rag‘batlantirish uchun davlat xarajatlarini keskin oshirish choralarini ko‘rdi. Endilikda ularning aksariyati budjet xarajatlarini qisqartishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda davlat xarajatlarining qisqarishi global yalpi ichki mahsulotning qariyb 2,5 foizini tashkil qiladi.

Qayd etilishicha, pandemiya va yomon ob-havo sharoitlari global miqyosda oziq-ovqat narxlarining rekord darajada ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. 2022 yilda ham narxlarning yuqori darajada saqlanib qolishi kutilmoqda.

Shuningdek, global iqtisodiy o‘sishga ayrim siyosiy va geosiyosiy omillar ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Xitoy va Tayvan munosabatlarining keskinlashuvi, Braziliyada hukumat almashishi, Turkiyada muxolifat kuchlarining Erdog‘an siyosatiga qarshi bosimlari shular jumlasidandir.

2022 yil uchun umidli prognozlar

Mutaxassislar sanab o‘tilgan xatarlarning ayrimlari vaziyatni yaxshi tomonga burib yuborishi ham mumkinligini ta’kidlashmoqda. Xususan, AQShning qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan budjet siyosati mamlakat iqtisodiy o‘sishini kuchaytirishi mumkin. Xitoy va Yaponiya budjet taqchilligi bilan kurashish maqsadida xarajatlarni qisqartirish o‘rniga o‘z iqtisodiyotlariga investitsiya kiritishga qaror qilishdi.

Xitoyning o‘n to‘rtinchi besh yillik rejasida yashil energiya va arzon uy-joyga investitsiyalarni oshirish ko‘zda tutilgan. Mintaqaviy keng qamrovli iqtisodiy sheriklik — Osiyoning 2,3 milliard ishchi kuchi va jahon yalpi ichki mahsulotining 30 foizini qamrab oluvchi yangi savdo bitimi — tashqi savdoni kuchaytirishi mumkin.

Bundan tashqari, global miqyosda pandemiya sharoitidagi rag‘batlantirishlar va karantin cheklovlari natijasida uy xo‘jaliklari ixtiyorida trillionlab dollar ortiqcha mablag‘lar jamg‘arilgan. Agar bu kutilganidan tezroq sarflansa, global o‘sish tezlashishi mumkinligi aytilmoqda.