Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «Raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjat bilan xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, norasmiy valyuta operatsiyalari vujudga kelishini oldini olish, shuningdek, xizmatlarni uzluksiz ravishda (24/7 rejimda) ko‘rsatish imkonini yaratish maqsadida xususiy tadbirkorlarga valyuta ayirboshlash xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda. Tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish muddati etib 2022 yil belgilangan.

Noyabr oxirlarida deputat Rasul Kusherbayev Markaziy bankni dam olish kunlari valyuta ayirboshlash shoxobchalari ishlamasligi tufayli odamlarni valyutani «qora bozorda» almashtirishga majbur qilayotganlikda ayblagandi. Deputat guvohlar ishtirokida 50 dollarni ko‘chada almashtirgan. «Har qanday vaziyatda ham fuqarolar huquqbuzarlik qilmasliklari uchun ularni shuni qilishga majbur qiluvchi barcha sabablar bartaraf etilishi shart», — deya ta’kidlagandi u.

Xususiy valyuta ayirboshlovchilar masalasi 2019 yilning oktabr oyida Senatda ham ko‘tarilgandi. O‘shanda Markaziy bank bu tajriba ayrim davlatlarda o‘zini oqlamaganini ta’kidlagandi.

2021 yilning yanvarida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Xamrayev regulyator O‘zbekistonda xususiy valyuta ayirboshlash shoxobchalariga litsenziya berish masalasini ko‘rib chiqmayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha aholi talabini qondirish uchun banklarning ayirboshlash shoxobchalari yetarli.

Qaror loyihasi muhokamasi 31 dekabrga qadar davom etadi.