Prezidentning 10 dekabrdagi «Gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Norma.

Hujjatda respublikada gidroenergetikani yanada rivojlantirish hamda mavjud gidrosalohiyatdan unumli foydalanishning quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilandi:

  • elektr energetika sohasida ekologik toza energiya manbalaridan keng foydalanish hisobiga izchil yangi quvvatlar tashkil etishni jadallashtirish hamda amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish orqali 2030 yilda respublikadagi gidroelektr stansiyalari quvvatini 3416 MVtga yetkazish;
  • xususiy sektor va aholini tabiiy suv oqimlaridan foydalangan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun keng jalb etish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yagona elektr energetikasi tizimiga kafolatli ulanishini ta’minlash, ishlab chiqilgan elektr energiyasini kafolatli xarid qilish tizimini yaratish.

2021−2030 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi, unga quyidagilar kiritilgan:

  • 2021−2030 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish va gidrosalohiyatdan foydalanish darajasini oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari;

quyidagi ro‘yxatlar:

  • O‘zbekiston Respublikasining 2021−2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritilgan va 2022−2026 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining ro‘yxati;
  • 2024−2030 yillarda mavjud gidrosalohiyatdan foydalanish darajasini oshirish, gidroelektr stansiyalari yangi quvvatlarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihalari ro‘yxati;
  • xususiy sektor ishtirokida kichik gidroelektr stansiyalarini qurish taklif etilayotgan loyihalar ro‘yxati;
  • 2022−2025 yillarda kooperatsiya asosida mahalliylashtirish uchun taklif etilayotgan kichik gidroelektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish uchun zarur asbob-uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar ro‘yxati.

Kafolatlangan tarzda davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qiluvchi vakolati berilgan organ:

a) 2022 yil 1 yanvardan boshlab QQSni hisobga olgan holda elektr energiyasini:

  • suv oqimi bo‘yicha ishlaydigan gidroelektr stansiyalarida — II tarif guruhi iste’molchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan 70% miqdorda;
  • elektr energetika tizimining rejimiga bog‘liq holda dispetcher tomonidan tartibga solinadigan, rostlovchi gidroelektr stansiyalarida — II tarif guruhi iste’molchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan 100% miqdorda;
  • gidroto‘plash elektr stansiyalarida — II tarif guruhi iste’molchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan 150% miqdorda;

b) elektr energiyasini yangi ishga tushiriladigan quyosh, shamol, biogaz elektr stansiyalaridan (sanoat ko‘lamidagi 1 MVt yoki undan ortiq quvvatlar bundan mustasno), quvvati 5 MVt gacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalaridan o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgandan ortiqcha elektr energiyasini — II tarif guruhi iste’molchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan 80% miqdorda sotib oladi.

Xususiy investorlar (tashabbuskorlar) quvvati 1 MVt gacha bo‘lgan quyosh, shamol, biogaz hamda quvvati 5 MVt gacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuridik va jismoniy shaxslarga yagona elektr energetika tizimiga ulanmagan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish huquqiga ega. Lokal tarmoq qurish shartnoma asosida o‘zaro kelishilgan narxlarda amalga oshiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10 dekabrdan kuchga kirdi.