16 dekabr kuni O‘zbekiston ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov ekotizimdagi murojaatlar bilan ishlash holati bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan 11 oy ichida Ekologiya qo‘mitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan 6697 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,75 baravar ko‘p. Shundan 5735 tasi qanoatlantirilgan, 814 tasi tushuntirilgan, 204 tasi rad etilgan, 17 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga jo‘natilgan.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, 11 oy ichida yo‘llangan murojaatlar jami 710 ta bo‘lib, jami murojaatlarning 15 foiziga teng.

Viloyatda ekologiya sohasiga oid masalalarni ko‘rib chiqishda tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, aksariyat murojaatlarning yechimi belgilangan muddatida ta’minlanmagani, bunga birinchi navbatda boshqarma boshlig‘ining mas’uliyatsizligi sabab bo‘layotganini inobatga olgan holda Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Jismoniy va yuridik shaxslar asosan chiqindi tashlanishi yoki ularning vaqtida olib ketilmasligi, o‘simlik dunyosiga yetkazilayotgan zararlardan shikoyat qilgan.

Shuningdek, korxona va tashkilotlarning atrof-muhitni ifloslantirishi, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishga oid masalalar bo‘yicha ham murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 14 nafar mas’ulga «xayfsan» berilgan.