O‘zbekiston Markaziy banki 22 dekabrda muomalaga chiqarilishi kutilayotgan yangi dizayndagi 50 ming so‘mlik banknotada xato borligini tan oldi.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari 50 ming so‘mlik banknota namunasining old tomonida «Al-Hakim at-Termiziy» maqbarasi tasviri tushirilgani, biroq, banknotada maqbara nomi «Abu Iso at-Termiziy» deb yozilganiga e’tibor qaratishdi.

«Mutaxassislar bilan qayta o‘rganish natijasida haqiqatdan ham namunadagi tasvir va uning nomlanishida texnik xatolik mavjudligi ma’lum bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki yangi dizayndagi 50 ming so‘mlik banknotlar muomalaga chiqarilishidan oldin uning namunasida aniqlangan texnik xatolik bartaraf etilishini hamda maqbaraning nomi to‘g‘ri qayd etilishini ma’lum qildi.

Markaziy bank matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu yangi ko‘rinishdagi pullar emissiya qilinmagan. Hozirda banknota namunalaridagi xatoliklar bartaraf etilmoqda.

MB shuningdek, banknotlar dizaynlariga befarq bo‘lmagan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, yangi ko‘rinishdagi 50 ming so‘m va 100 ming so‘m bo‘lgan banknotlar 22 dekabridan muomalaga chiqarilishi ma’lum qilingandi. Ushbu yangi banknotalar 2017 yil namunasidagi 50 ming so‘mlik va 2019 yil namunasidagi 100 ming so‘mlik banknotlar bilan parallel ravishda muomalada bo‘lishi ham aytib o‘tilgandi.